Ushbu Forum Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) hamda Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi (ISCAD) tomonidan Yevropa Ittifoqi (YEI), BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO), Yevropa Ittifoqi ASK Facilty dasturi hamda BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD)ning moliyaviy va texnik koʻmagida tashkil etildi.
II Milliy forumning ishida Oliy Majlis Senati aʼzolari, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, ISCAD, AKIS, FAO, BMTTD tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishi marosimida soʻzga chiqqan Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Risqul Siddiqov oʻz soʻzida hukumat tadqiqotchilarni ilm-fan qanday yangi bilimlarni yaratishi zarurligi, bunday bilimlar ishlab chiqaruvchilar va isteʼmolchilar hayotiga qanday ijobiy oʻzgarishlar olib kelishi haqida fikr yuritishga chorlayotganini taʼkidlab oʻtdi.
Qishloq xoʻjaligi sektorida olib borilgan samarali tadqiqotlar ichki va tashqi bozor uchun sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarni yetkazib berishga yordam beradi. Bu esa, oʻz navbatida, xalq farovonligi va taraqqiyotga xizmat qiladi.
Yevropa delegatsiyasining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim Yevropa Ittifoqining qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari boʻyicha istiqbollari va uning Oʻzbekiston agrar oziq-ovqat sektori transformatsiyasiga taʼsiriga eʼtibor qaratdi.
Qishloq xoʻjaligi vaziri maslahatchisi, Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi direktori Alisher Shukurov Milliy qishloq xoʻjaligi tadqiqotlarining ustuvor yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash, qanday qilib joriy va kelgusi xalqaro moliyalashtirish imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish mumkinligi toʻgʻrisida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha tashabbus (CADI) loyihasi koordinatori Nariman Nishanov ham kirish soʻzlari bilan ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonimning fikricha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarning agrar oziq-ovqat sektorida tadqiqot va innovatsiyalarning keng joriy etilishini iqtisodiy oʻsish va barqaror taraqqiyot uchun muhim deb biladi. Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning qishloq xoʻjaligi tadqiqotlarini rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarini toʻliq qoʻllab-quvvatlashi qayd etildi.
Forumning 100 dan ortiq ishtirokchilari 3 ta shoʻbaga boʻlinib, oziq-ovqat xavfsizligi va oziqlanish, barqaror suv va yer boshqaruvi hamda iqlim oʻzgarishi va qoʻshimcha qiymat zanjirlari, eksport va import, bozorlar kabi mavzularni keng muhokama qildi.
Tadbirda Milliy qishloq xoʻjalik va oziq-ovqat ilmiy tadqiqot dasturining strategik yoʻnalishlari boʻyicha kelajakda kutilayotgan natijalar va koʻrsatkichlarni aniqlash, tadqiqotlar va tarmoq innovatsiyalari yordamida strategik maqsadlarga erishish, strategik yoʻnalishlarning tarkibiy qismlarini joriy imkoniyatlar boʻshliqlarini belgilash yuzasidan vazifalar bajarilishi masalalariga urgʻu berildi.
Ikki kun davom etgan mazkur tadbir qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat ilmiy tadqiqotlari koʻmagida agrar sektorni amaliy rivojlantirish platformasi vazifasini oʻtashga xizmat qildi.
Forum yakunida 3 strategik yoʻnalishdan iborat yangi Milliy qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat ilmiy tadqiqot dasturini ishlab chiqish tashabbusi bildirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.