Taqdimot marosimida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, filologiya fanlari doktori Uzoq Joʻraqulov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur, filologiya fanlari doktori Maqsud Asadov, tibbiyot fanlari doktori, professor, shoir, adib Jumanazar Beknazarov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akromjon Dehqonov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Olim Toshboyev soʻzga chiqib yurtimizda buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ijodiga boʻlgan eʼtibor bugungi kunda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani, Prezidentning “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori ana shu maqsadga qaratilgani jihatidan ulkan tarixiy ahamiyatga egaligini eʼtirof etdilar.
Ushbu monografiya buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning shaxs va davlat arbobi sifatidagi fazilatlari, bunyodkorlik faoliyati yangi talqinlar asosida yoritilgan. Unda ulugʻ bobokalonimizning irfoniy va adabiy-estetik olami bilan bogʻliq oʻziga xos ilmiy qarashlar ilgari surilgan. Buyuk beshlik – “Xamsa”da ijodkor badiiy konsepsiyasi, ona orazining poetik talqini yuzasidan ilmiy-nazariy fikrlar bildirilgan. Alisher Navoiy ijodiyotining millat adabiy-estetik tafakkuri takomilga koʻrsatgan taʼsiri masalalari tadqiq qilingan.
“Maoniy ahlining sohibqironi” asari 2021-yilda oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi asari” tanlovida adabiy tanqid yoʻnalishi boʻyicha mukofotga loyiq, deb topilgan edi.
Navoiyni anglash, mutaxassisligidan qatʼiy nazar, barcha uchun suv va havodek zarurligi bois, ulugʻ shoir asarlarini faqat filologiya yoʻnalishlari emas, barcha sohalarda oʻqitilishi kerakligi ilgari surilgan.
Tadbirda soʻngida muallif Nurboy Jabborov soʻzga chiqib, monografiyaning yozilishi jarayonlari, unda koʻtarilgan masalalar, oʻrganilgan jihatlar haqida gapirib berdi hamda tadbir ishtirokchilari va tashkilotchilariga minnatdorlik bildirdi.