Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlarida baxshichilik sanʼati azal-azaldan saqlanib qolganligi barchamizga sir emas albatta.

2021-yil 10-apreldagi “II xalqaro baxshichilik sanʼati festivaliga tayyorgarlik koʻrish va baxshichilik sanʼatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident qarori ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 17-20-sentyabr kunlari Nukus shahrida II Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali boʻlib oʻtmoqda. Ushbu Xalqaro festivalga dunyoning 22 davlatidan 44 ta ishtirokchi va 60ga yaqin xorijiy mehmonlar ishtirok etmoqdalar.

Jumladan, YUNESKO, TURKSOY kabi xalqaro tashkilot mutasaddilari, xorijiy davlatlardan kelgan martabali mehmonlar, ekspertlar, mahalliy madaniy meros, ilm-fan, sanʼat va boshqa sohalardagi ekspertlar hamda OAVlari vakillari davlatimizga tashrif buyurishgan.

17-sentyabr kuni Nukus shahridagi Qoraqalpogʻiston Respublikasi I.V.Saviskiy nomidagi davlat sanʼat muzeyi oldidagi maydonda 13 ta hududiy milliy folklor ansambllarining konsert-tomosha dasturlari namoyish etiladi. Ushbu tadbirlarga 22 nafar Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi, taniqli xonanda va sozandalari, 40 nafar raqs ansambllar, 61 nafar baxshi va jirov, oqinlari jalb qilingan.

Madaniy meros haftaligi rasmiy kanalining xabar berishicha, Tadbirda Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda II Xalqaro Baxshichilik sanʼati festivalining tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi boʻlib oʻtadi. Tadbirda mahalliy va xorijiy mehmonlar, festival ishtirokchilari, xorijiy va mahalliy OAV vakillari ishtirok etishadi.

Shuningdek, festival doirasida 18-sentyabr kuni Nukus shahridagi Opera va baxshichilik sanʼati maktab-internatida “Baxshichilik sanʼatining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan oʻrni” nomli xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya boʻlib oʻtadi.

Unga 23 nafar mahalliy va 17 nafar xorijiy olimlar hamda ishtirokchilar qatnashadilar.

Konferensiyadan soʻng 18-19-sentyabr kunlari Xalqaro baxshichilik sanʼati tanlovi oʻtkaziladi. Tanlovga 24 nafar xorijiy, mahalliy ishtirokchilar va 10 nafar xorijiy kuzatuvchi mehmonlar, 5 nafar hakamlar hayʼati aʼzolar qatnashadilar.

Tadbirni oʻtkazishdan maqsad-baxshichilik sanʼatini respublika va xalqaro miqyosda keng targʻib qilishdan iborat.

Festival doirasida ishtirokchilar va mehmonlar uchun Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida “Xalq uchun” milliy operasi namoyishi va Moʻynoq tumanidagi madaniy meros obyektlariga ekskursiya tashkil etiladi.

Festivalning yakuniy va gʻoliblarni taqdirlash marosimi 20-sentyabr kuni Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda boʻlib oʻtadi.