III xalqaro reytinglar forumi bo'lib o'tdi

    Hyatt Regency mehmonxonasida “O'zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning xalqaro reytinglarga ta'siri mavzuida” III xalqaro reytinglar forumi bo'lib o'tdi.

    Forumda atrof-muhit muammolari, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish istiqbollari, ijtimoiy xabardorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyaga qarshi kurash mavzusidagi sessiyalarda imkoniyatlar, erishilgan yutuqlar hamda muammolar haqida so'z yuritilib, fikr-mulohazalar bildirildi.

    Forumning ochilish marosimi — plenar yig'ilishda erishilgan natijalar va yutuqlar haqida so'z bordi.

    Rolli Astana (BMTning O'zbekistondagi doimiy koordinatori):

    — Dadil islohotlar, kreativ yondashuvlar tufayli O'zbekistonning tashqi siyosati jahon hamjamiyatining e'tirofiga sazovor bo'ldi. Xorijiy davlatlar bilan o'zaro manfaatli aloqalar kengayib, mamlakatning dunyo miqyosidagi ijobiy imiji shakllandi. So'nggi yillarda O'zbekiston barcha sohalarda rivojlanib, xalqaro reytinglarda oldingi o'rinlarga siljimoqda. Xususan, BMTning taraqqiyot dasturi bo'yicha inson taraqqiyoti indeksida mamlakat ikki pog'onaga ko'tarildi. 2021 yilgi global innovatsiyalar indeksida esa 13 pog'onaga ko'tarilgan edi. Bularning barchasi ijobiy ko'rsatgich va bizni quvontiradi. O'ylaymizki, ushbu forum O'zbekiston imkoniyatlarini ko'rib chiqish uchun ajoyib platforma bo'lib xizmat qiladi.

    Anton Kostyuchenko(Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti bosh ilmiy hodimi):

    — So'nggi yillarda yashil iqtisodiyot masalalari birinchi o'ringa chiqdi. Bu borada katta tendensiya kuzatildi. Jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida "Green Hub" platformasini yaratdik. Mazkur platforma iqlim o'zgarishi, yashil iqtisodiyot tamoyillariga oid keng ma'lumotlarning bazasi sanaladi.

    Darhaqiqat, O'zbekistonning xalqaro reyting va indekslarda yuqori o'rinlarni egallashiga qaratilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki xalqaro reyting va indekslar dunyodagi institutsional muhitning sifatini baholash, ya'ni iqtisodiy rivojlanishning asosiy sharti sifatida dunyoda umum qabul qilingan vosita hisoblanadi.

    Isakov Odilbek(Moliya vazirining o'rinbosari)

    — Yurtimiz 2020 yilda atrof-muhit samaradorligi indeksida 180 ta mamlakat orasida 88 o'rinni, iqlimga chidamlilik bo'yicha esa 191ta davlat orasida 80 o'rinni egallagan edi. Bu yaxshi ko'rsatgich. endi bu natijalarni yanada mustahkamlashimiz kerak. Iqlim o'zgarishi o'z navbatida qishloq xo'jaligi, er va suv unumdorligiga ta'sir ko'rsatadi. SHuningdek, tabiiy ofatlar xavfini kuchaytiradi. Demak, ekologik muammolarni bartaraf etish uchun barchamiz birdek harakat qilishimiz va yuqorida qayd etilgan o'rinlardan oldinga siljishimiz zarur.

    Forum ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq tizimida olib borilgan islohotlar va ularning natijasini muhokama qilish uchun o'ziga xos bir maydon bo'ldi. Ta'kidlash joiz, so'nggi yillarda yurtimiz xalqaro reytinglarda yuqori pag'onalarga ko'tarilmoqda. Xususan, global innovatsiyalar indeksida — 86 o'rinni, raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksida — 94 o'rinni, iqtisodiy erkinlik indeksida — 117 o'rinni egalladi.

    Forum doirasida “Davlat boshqaruvida strategiya va loyihalar ishlab chiqish uchun xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash”, “Mahalliy iqtisodiy va ma'muriy samaradorlik” bo'yicha seminar-treninglar ham tashkil etildi.

    Feruza MUXTOROVNA