Jumladan, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi jamoasi tomonidan respublikadagi OAVlar, ijtimoiy tarmoqlar hamda markazning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ko'rsatuv, intervyu, videorolik va infografik ma'lumotlar namoyish etib borilmoqda. Shuningdek, Markaz ekspertlari tomonidan joylarda bevosita vazirlik va idoralar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasining mazmun-mohiyati keng aholi qatlamiga yetkazilmoqda.
2022 yilning 8 yanvar kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Ichki ishlar vazirligi taklifiga binoan «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» mavzusida vazirlik tizimida faoliyat ko'rsatayotgan xodimlar uchun taqdimot o'tkazdi.
E.Tulyakov o'z chiqishida Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasi kelgusi besh yilda mamlakat taraqqiyotini to'laqonli ta'minlab berishga qaratilgan yettita yo'nalish va yuzga yaqin maqsadlarni jamlaganligi, barcha maqsadlar bugungi globallashuv jarayonida Yangi O'zbekistonning dunyo hamjamiyatida tutgan roli va o'rnini oshirish, xalq farovonligi, tinchligi, demokratiya va inson huquqlari kafolatini ta'minlaydigan erkin jamiyat va adolatli davlat qurishga hamda mamlakat xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borishga qaratilganligini alohida ta'kidlab o'tdi.
Xususan, Yangi O'zbekistonning 2022–2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasining birinchi yo'nalishida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish nazarda tutilgan bo'lsa, ikkinchi yo'nalishida esa, mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, mamlkatning iqtisodiy taraqqiyotini ta'minlashga qaratilgan bir qator maqsad va vazifalar uchinchi – milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o'sish sur'atlarini zamon talablari darajasida ta'minlash yo'nalishida aks ettirilgan.
Ma'lumki, 2017–2021 yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasida ijtimoiy himoyani ta'minlashga qaratilgan barcha yo'nalishlar to'rtinchi – ijtimoiy sohani rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarida qamrab olingan bo'lsa, bu galgi Taraqqiyot strategiyasi orqali, bugungi globallashuv jarayonlaridan kelib chiqqan holda, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish hamda ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish kabi ikki ustuvor yo'nalishga bo'lingan holda o'z aksini topmoqda.
Shunindek, Harakatlar strategiyasining beshinchi yo'nalishida belgilab olingan chora-tadbirlar ham yangi Taraqqiyot strategiyasida umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish kabi ustuvor yo'nalishlar sifatida belgilanmoqda.
Jumladan, Farmon loyihasining Ikkinchi – Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yo'nalishida Ichki ishlar vazirligi tizimi xodimlari faoliyati bilan bog'liq bo'lgan bir qator muhim tashabbus va takliflarni o'zida mujassamlashtirgan maqsadlar nazarda tutilgan.
Xususan, 16-maqsadda jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta'minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo'lgan shart-sharoitlarni o'z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish orqali jamoat tartibini saqlash bo'yicha patrullik xizmati faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etgan holda fuqaroni ichki ishlar bo'limiga tekshirish uchun olib borish tartibini bekor qilish nazarda tutilgan.
Shuningdek, yo'l infratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali yo'llarda o'lim holatlarini qisqartirish, jumladan harakatni boshqarish tizimini to'liq raqamlashtirish va jamoatchilikning ushbu sohadagi ishlarda keng ishtirokini ta'minlash belgilangan.
Yana bir 17-maqsadda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning hayotga tadbiq etilishi orqali esa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasi shakllantirilib, ularning faoliyati xalq manfaatlari, qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga xizmat qilishga yo'naltirish belgilanmoqda.
Bunda ichki ishlar organlari, avvalo xalqning ishonchli himoyachisi sifatida xalqchil professional tuzilmaga aylantirilib, aholi bilan maqsadli ishlashga yo'naltiriladi.
Ma'ruza yakunida Markaz rahbari Eldor Tulyakov ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflarga o'z munosabatini bildirib o'tdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
Axborot xizmati