Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpoʻlatov rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishda vazirlik tizimi rahbarlari, hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari va sohaviy xizmatlar rahbarlari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika hududida 125 387 ta siyosiy, madaniy, sport va boshqa ommaviy tadbir oʻtkazilib, ularda 70 milliondan ortiq fuqaroning xavfsizligi taʼminlangan.
6 oy yakuniga koʻra, 5 778 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagan. Shu bilan birga, 476 ta mahalla “qizil” toifada qolayotgani tanqid qilindi.
Jinoyatlarni prognoz qilishning yangi mexanizmi joriy etilgani natijasida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarning 87 foizi fosh etilgan. Jinoyatlarni aniqlash koʻrsatkichi 31,4 foizga yaxshilanib, fuqarolarga yetkazilgan 1 trillion 365 milliard soʻmlik moddiy zarar qoplangan.
Shuningdek, sud va tergov organlaridan yashiringan 5 010 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan. Bedarak yoʻqolgan 2 616 nafar shaxs aniqlanib, oilalari bagʻriga qaytarilgan.
Kiberjinoyatlar boʻyicha qanday natijalar qayd etildi?
2026-yil IIV tizimida “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yili” deb eʼlon qilingan. Yigʻilishda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan ishlar ham muhokama qilindi.
Markaziy bank bilan hamkorlikda joriy etilgan maxsus tizim orqali 29 trillion soʻm mablagʻning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan, jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklangan.
Hisobot davrida 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 4 011 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan. Kiberjinoyatlar oqibatida fuqarolarga yetkazilgan 120 milliard 496 million soʻmdan ziyod zarar qoplangan.
Kiberxavfsizlik boʻyicha profilaktik ishlar doirasida mamlakat aholisining qariyb 23 milliondan ortiq qismi qamrab olingan.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarning oldini olish borasidagi ishlar yetarli emasligi tanqid qilindi. Murojaatlarni chuqur oʻrganish, jinoyatlarga sabab boʻlayotgan omillarni tahlil qilish hamda xodimlarning kiberxavfsizlik boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish vazifalari belgilandi.
IIVga 6 oyda 205 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan
Yigʻilishda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati ham tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Maʼlumotlarga koʻra, yilning birinchi yarmida ichki ishlar organlariga 205 154 ta murojaat kelib tushgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2 117 taga kam.
Murojaatlarning 87,7 foizi qanoatlantirilgan, 11,3 foizi boʻyicha huquqiy tushuntirish berilgan, 0,9 foizi esa qonunchilikda belgilangan asoslarga koʻra koʻrib chiqishdan rad etilgan.
Murojaatlarni koʻrib chiqishda sustkashlikka yoʻl qoʻygan masʼullarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish, samarali ishlayotgan xodimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi.
6 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi
Hayʼat qaroriga koʻra, 6 oy davomida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 6 nafar shahar va tuman ichki ishlar organlari boshligʻi, 2 nafar ularning jamoat xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishidagi oʻrinbosari hamda 2 nafar viloyat ichki ishlar boshqarmalarining masʼul rahbari lavozimidan ozod etildi.
Bundan tashqari, 7 nafar rahbarga qattiq intizomiy jazo qoʻllandi. Yana 3 nafar rahbarning lavozimida qolish-qolmasligi masalasini koʻrib chiqish belgilandi.
Reyting natijalariga koʻra, oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlarga yoʻl qoʻymaslik va jinoyatlarni tashabbus asosida aniqlash boʻyicha Toshkent viloyati birinchi, Samarqand viloyati ikkinchi, Fargʻona viloyati uchinchi oʻrinni egallagan.
Shuningdek, qator tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlarini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritildi.
Yigʻilish yakunida Davlat mustaqilligining 35-yilligini nishonlash davrida jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash, bayram tadbirlarini xavfsiz oʻtkazish hamda xodimlarni kuchaytirilgan xizmat tartibiga oʻtkazish boʻyicha vazifalar belgilandi.