Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari - Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayevga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudida ko‘rib chiqiladi. Sud majlisi 29-iyulga belgilangan.
Bekmurod Abdullayev JKning 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish)ning bir necha band va qismlari bilan ayblanmoqda.
Bekmurod Abdullayev bilan birga bu ish bo‘yicha jami 30 kishiga oid ish ish ham ko‘rib chiqilmoqda. Sudlanuvchilarning aksariyatiga JKning 167-moddasi 3-qismi "a" va "v" bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan ayblov e’lon qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Bekmurod Abdullayev 2021-yil aprelidan 2025-yil noyabriga qadar ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan va 2025-yil noyabr oyida vazifasidan ozod etilgan. Joriy yilning yanvar oyida esa u qo‘lga olinib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgan edi.