Uchrashuv chogʻida agentlik rahbari oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida beshta muhim tashabbus yoʻnalishlari boʻyicha hunarmandchilik — zargarlik, kashtachilik toʻgaraklarini tashkil etish haqida taklif berdi. Bundan tashqari, ijodiy muhit yaratish uchun maktabning ichki dizayni noananaviy usulda, kreativ yondashgan holda yaratilishi lozimligini taʼkidladi.

Shuningdek, ijod maktabi oʻquvchilari hamda Muhammad al Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning iqtidorli oʻquvchilari va ustozlari hamkorligida Halima Xudoyberdiyeva mobil ilovasini yaratish ishlarini yoʻlga qoʻyish haqida ham kelishib olindi.

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Dilshod Kenjayev, tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov, “Maʼnaviy hayot” jurnalining bosh muharriri Eshqobil Shukur va Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, sirdaryolik ijodkorlar ishtirokida “Yoshlar — kelajagimiz tayanchi” mavzusida uchrashuv tashkil etildi.

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi bilan barcha ijod maktablarida taʼlim olayotgan isteʼdodli oʻquvchilarning eng sara sheʼrlari jamlangan “Ijod bogʻidan guldasta” sheʼriy toʻplami uchrashuv ishtirokchilariga taqdim etildi.