Jamiyatimizda har bir fuqaro, albatta, davlat xizmatlari markazi bilan ijtimoiy munosabatlarga kirishishi tabiiy holat. Chunki markazlarda tadbirkorlar va fuqarolarga 160 dan ortiq xizmatlar koʻrsatiladi.

Davlat xizmatlari markazlari faoliyati, vazifalari va asosiy maqsadlari haqida ortimizdan kelayotgan avlod vakillarini tanishtirish juda muhim. Ularda bu borada yetarli bilim va tajribalar shakllanishi zarur.

Ana shu maqsadda ijod maktabi oʻquvchilari markaz faoliyati bilan tanishtirildi. Mijozlarga xizmat koʻrsatish jarayonlari koʻrsatildi. Amaliy mashgʻulot sifatida oʻquvchilar bir zum davlat xizmatchisi sifatida fuqarolarga xizmat koʻrsatishdi. Savollar va munosabatlar tinglandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari koʻrsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq davlat xizmatlarini, shu jumladan olis joylarga chiqish orqali “mobil davlat xizmatlari” koʻrsatishning maqbul, qulay va shaffof uslublaridan foydalanish davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini tubdan isloh qilishning yoʻnalishlari sifatida belgilangan.

Shu maqsadda har oyda bir marta DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan maxsus grafik asosida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu tadbir doirasida nafaqat yoshlar markazlarga tashkil etiladi, balki, aholini qiynayotgan masalalar ham aniqlanib, “Rahbar va fuqaro” tamoyili asosida mijozlar va tadbirkorlarning murojaatlari qisqa muddatlarda hal etilishiga eʼtibor qaratiladi.

Bu kabi tadbirlar Fargʻona viloyatining barcha davlat xizmatlari markazlarida tashkil etilyapti, deb xabar beradi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.