Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamkorligida tarmoq xodimlari va oʻquvchilari oʻrtasida koʻplab tanlovlar tashkil etilib, taʼlim sohasida mehnat qilayotgan pedagog - oʻqituvchilar va oʻquvchilarning bilim saviyalarini yuksaltirish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Ijroiya qoʻmitasining 2021-yil 18-noyabrdagi “Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba Uyushmasi Federatsiyasi Toshkent shahar kengashi bilan hamkorlikda poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi 329-sonli umumtaʼlim maktabida “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovining shahar bosqichi oʻtkazildi. Mazkur tanlovda Toshkent shahridagi 12 ta tumandan tanlovning tuman bosqichida gʻolib boʻlgan 10 hamda 11 sinf oʻquvchi ishtirok etdi.
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlari yoritilgan taqdimotlar koʻpchilikda katta taassurot qoldirdi. Tanlov Nizomi talablariga javob bera oladigan 3 nafar oʻquvchi hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan aniqlanib, tanlovning mutloq gʻolibligini qoʻlga kiritdi. Tanlov yakunida gʻoliblarga tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovgʻalar topshirildi.