Prezidentimizning joriy yil 8-iyundagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylarining moddiy taʼminotini yaxshilash hamda yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ushbu xayrli ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Qarorga asosan, 1941–1945-yillardagi urush faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari, Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga avvallari oʻrtacha qiymati 213 ming soʻmdan 282 ming soʻmgachani tashkil etgan bepul yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari hamda gigiyena tovarlari oʻrniga har oyda bazaviy hisoblash miqdorining bir barobari miqdorida, yaʼni 300 ming soʻm miqdorida qoʻshimcha toʻlov toʻlash belgilandi. Qoʻshimcha toʻlov ushbu fuqarolarning pensiya yoki nafaqa turi va miqdoridan qatʼi nazar har oyda pensiya tayinlash masʼul boʻlgan organ tomonidan tayinlanib toʻlab boriladi.

Shuningdek, 1941–1945-yillardagi urush faxriylarini va fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga yetkazib beriladigan zarur oziq-ovqat maxsulotlari, gigiyena va kiyim-kechak xaridi uchun har yili avgust oyida bir marotaba toʻlanadigan bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari miqdorida, yaʼni,bugungi kun holatiga 4,5 mln. soʻm miqdorida kompensatsiya puli toʻlanishi joriy etildi.

Qoʻshimcha toʻlovni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar Pensiya jamgʻarmasidan pensiya oluvchilar uchun – Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan;

Davlat byudjeti hisobidan pensiya oluvchilar uchun – davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi belgilandi. Bir yilda bir martalik kompensatsiya pul toʻlovi uchun mablagʻlar – respublika byudjeti mablagʻlari hisobdan toʻlanadi. Mazkur tartiblarni amalga oshirish uchun Davlat byudjeti va Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yiligi 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Qoʻshimcha toʻlov Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tomonidan fuqaroning oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan keksalar yoki oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan shaxslar toʻgʻrisida taqdim etilgan maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.

Mazkur qaror oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz keksalar va urush faxriylarining murojaatlarini inobatga olgan holda qabul qilingan boʻlib, endilikda ular qoʻshimcha toʻlov va kompensatsiya pullari hisobiga oʻzlari xohlagan turdagi va miqdorda oziq-ovqat mahsulotlarini, gigiyena tovarlari yoki kiyim-kechaklarni xarid qilishlari mumkin boʻladi.

A.KOMILOV,

Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi

Shayxontohur tuman boʻlimi boʻlim boshligʻi