Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi media markazida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”: ehtiyojmand aholiga imkoniyatlar va yangiliklar” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi masʼullari, OʻzXDP Jizzax viloyati kengashi masʼullari, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi masʼul xodimlari, partiya faollari, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosari Maqsuda Vorisova ochib berdi va ijtimoiy kam taʼminlangan aholini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar soʻnggi vaqtlarda tobora jadallashib borayotganiga eʼtibor qaratdi. Kam taʼminlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali aniqlash tartibi yoʻlga qoʻyilgani ham bunga yaqqol misol boʻla oladi.
Oʻzbekiston XDP Markaziy Kengashi Boshqarma boshligʻi Boymurat Yusupov partiya elektorati hisoblanmish ehtiyojmand aholining muammolariga yechim topishda bu borada qabul qilinayotgan qonun va qarorlar ijrosini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish hamda ijtimoiy himoya uchun ajratilayotgan mablagʻlarning manzilli va maqsadli ishlatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi. Shu maqsadda Jizzax viloyati Arnasoy tumanida oʻrganishlar olib borilgan boʻlib, uning yakunlari yigʻilishda oʻqib eshittirildi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, OʻzXDP viloyat Kengashi raisi Nuriddin Xolmatov Arnasoy tumani boʻyicha 2023-yil sentyabr oyi davomida “Ijtimoiy himoya yagona reestri”orqali 322 ta oilaga nafaqa va moddiy yordamlar tayinlangani, tumanning “Gʻoliblar” MFY da 2023-yilning oʻtgan 9 oyi davomida nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalar soni 257 tani tashkil etganini taʼkidlab oʻtdi. Biroq, ijtimoiy yordam uchun ariza bilan murojaat qilib, rad javobini olganlar orasida ehtiyojmand aholi vakillari ham bor ekani yoki aksincha, ayrim xollarda koʻchmas mulk va avtomashinalari yaqin qarindoshlari nomida boʻlgan, yoki ishonchnoma asosida boshqarib yurgan oʻziga toʻq oila vakillari tomonidan ham tizim orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordamlar tayinlanganlik holatlari uchrayotgani, bu esa oʻz navbatida boshqa haqiqiy muhtoj fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi aniqlangan. Ishchi guruh masalani chuqur oʻrganib, adolatsiz holatlar yuzaga kelayotgani sabablarini aniqlagan va ularning yechimi yuzasidan davra suhbatida taklif va tavsiyalar berildi.
Yigʻilishda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining “Ijtimoiy xizmatlar va yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha 2023 — 2025-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlari dasturi” tinglandi. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining bu sohada amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi. Fuqarolarni boqimandalik kayfiyatidan chiqarish, mehnatga oʻrgatish borasidagi vazifalar yuzasidan mulohazalar tinglanib, qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar olindi.