Nizomga koʻra, Individual rejani ishlab chiqish mazkur oila “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida amalga oshiriladi.

Oila Reyestrga kiritilgandan soʻng 3 ish kuni ichida oila yashaydigan mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi tomonidan “Onlayn mahalla” elektron platformasi orqali, ijtimoiy xodim tomonidan axborot moduli orqali individual reja ishlab chiqiladi.

Individual reja oilaning imkoniyatlari, koʻnikmalari, qiziqishlari, fikri, yashash sharoiti hamda Reyestrga kiritish toʻgʻrisidagi arizasida koʻrsatilgan xizmatlarga boʻlgan ehtiyojlari inobatga olingan holda ishlab chiqiladi.

Individual rejada oilaga taqdim etiladigan qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmatlar, ularni taqdim etish tartibi, muddati va ularga masʼul davlat organi koʻrsatiladi.

Individual rejada xizmatlar shakllantirilgandan soʻng u oilaning muomalaga layoqatli aʼzosiga tanishtiriladi.

“Mahalla yettiligi” tomonidan individual reja 2 ish kunida koʻrib chiqilib, oddiy koʻpchilikning ovoziga asosan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

  • individual rejani tasdiqlash toʻgʻrisida;
  • individual rejani hokim yordamchisi va/yoki ijtimoiy xodimga qayta koʻrib chiqish uchun qaytarish toʻgʻrisida.

Individual rejalarning ijrosi hokim yordamchisi va ijtimoiy xodim tomonidan har 3 oyda kamida 1-marta oʻrganib boriladi.