Ijtimoiy so'rov: saylovchilar Trampga nisbatan Xarrisni ko'proq qo'llab-quvvatlashmoqda

    Ijtimoiy so'rov prezidentlik saylovida Demokratik partiyadan nomzod sifatida ko'rsatilgan AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarrisni saylovchilar Donald Trampga nisbatan ko'proq qo'llab-quvvatlashayotganini ko'rsatdi.

    Reuters agentligining Ipsos ijtimoiy xizmati bilan birgalikda o'tkazgan ijtimoiy so'rov natijalari shundan dalolat bermoqda.

    1241 nafar amerikalik katta yoshli fuqarolar ishtirokidagi so'rov natijalariga ko'ra, Xarris Trampdan 2 foizga oldinda. Saylovchilarning 44 foizi vitse-prezidentni, 42 foizi Trampni afzal ko'radi. So'rov 22-23-iyul kunlari, ya'ni Bayden saylovoldi poygasidan chiqishini e'lon qilganidan keyin o'tkazildi.

    Agentlikning qayd etishicha, 15-16-iyul kunlari o'tkazilgan so'rovda saylovchilar Tramp va Xarrisni teng darajada qo'llab-quvvatlashgani (44 foiz) aniqlangandi. 1-2 iyul` kunlari o'tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra, Tramp Xarrisdan 1 foizga ilgarilab ketdi.

    AQShda prezidentlik saylovlari 5-noyabr kuni bo'lib o'tadi. Taxminlarga ko'ra, Demokratik partiya vakili sifatida Baydenning nomzodi ilgari suriladi deb qaralgandi, ammo uning 27-iyun kuni Tramp bilan bo'lib o'tgan debatdagi muvaffaqiyatsizligidan so'ng, demokratlar orasida uni kurashdan voz kechishga chaqiriqlar kuchaydi. 21-iyul kuni Bayden poygadan chiqishga qaror qildi va AQSh vitse-prezidenti Kamala Xarrisning prezidentlikka nomzodini qo'llab-quvvatladi, deb xabar beradi tass.ru.