Toshkentda qurilishi tugallanmagan IT park binosida sodir boʻlgan yongʻin bartaraf etildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “IT park va INHA universiteti binolaridan biri yonayotgani aytilmoqda” sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan maʼlumot berildi.

    Bugun, 23-noyabr kuni soat 11:12 da Toshkent shahar M.Ulugʻbek tumani “Olimlar” MFY Shahriobod koʻchasida joylashgan koʻp qavatli binolarning birida yongʻin sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida shahar FVBga xabar kelib tushgan.

    Shunga koʻra 3 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 11:15 da voqea joyiga yetib borgan va yongʻin soat 11:25 da oʻchirilgan.

    Yongʻin natijasida 24 qavatli qurilishi tugallanmagan IT park binosining 21-qavatida taxminan 5 kv.m maydonda penoplast qoldiqlari yongan.

    Qoʻshni binolarga zarar yetmagan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok boʻlganlar yoʻq.

    Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.