Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi rivojlantiriladi

    “2025–2027-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (454-son, 24.12.2024-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, 2025-yil 1-yanvardan, byudjet tizimining byudjetlari hisobidan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha oʻtkazilgan davlat xaridlariga asosan qurilish muddati uch oydan kam boʻlgan obyektlarga birinchi oyda obyekt qiymatining 30 foizi miqdorida avans mablagʻlari ajratiladi, keyingi toʻlovlar belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.

    2026-yil 1-yanvargacha sinov tariqasida, loyiha-smeta hujjatlarining qiymati BHMning 6 ming baravaridan ortiq boʻlgan loyihalar (obyektlar) boʻyicha quyidagilar tomonidan ekspertizadan oʻtkaziladi:

    • hajm, texnik va smeta qismi (narx qismidan tashqari) – “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan;
    • tovar, ish va xizmatlarning narx qismi –“Loyihalarni va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan;
    • BHMning 6 ming baravarigacha boʻlgan loyihalar (obyektlar) boʻyicha shaharsozlik hujjatlari “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” DM tomonidan.

    2025-yil 1-aprelgacha qurilishi yakunlangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish orqali shaffof tizim joriy etilishi taʼminlanadi.

    2025-yil 1-iyulgacha namunaviy va takroriy qoʻllanadigan loyiha hujjatlari boʻyicha elektron kataloglarning yaratilishi hamda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirilishi taʼminlanadi.