Bu holat 2023-yilning 22-dekabr kuni jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tuman sudida koʻrib chiqilgan.
Sud hukmida keltirilishicha, ayblanuvchi 35 yoshli Rahim Boltaboyev hamda 44 yoshli Yusuf Toʻraxoʻjayev 2023-yilning 16-iyul kunidan 20-iyul kunigacha aldash yoʻli bilan oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida jinoiy til biriktirgan. Ikki erkak Oqqoʻrgʻon tumanining Qahramon mahallasida yashovchi 42 yoshli ayolning uyiga borib, uni ichiga “jin kirib qolgani”ga ishontirishgan. Soʻngra “jinni chiqarish” uchun “dam solib”, muolaja oʻtkazish kerakligini aytishgan.
Erkaklar 1 mln soʻm evaziga “jinni chiqarib” berishni aytib, har kuni soat 5:00 larda ayolning uyiga borgan va bir soat davomida goʻyoki “jin chiqarish” bilan shugʻullanishgan. “Muolaja” paytida ular oʻzlari bilan olib kelgan bolgʻa, temir qoziq, temir zanjir kabi buyumlar bilan ayolning koʻkrak qafasi, qorin qismi, ikkala qoʻl va oyoq sohalariga kuch ishlatishgan. Bu orqali ayolga uning oʻlimiga sababchi boʻlgan ogʻir tan jarohati yetkazishgan. Jarohatlar oqibatida ayol 2023-yil 20-iyul kuni oʻzining yashash xonadonida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga koʻra, ayolda “kŭkrak yëpiq jarohati, chap tomonlama 2 va 3 qovurgʻasining ŭmroq ŭrta chizigʻi bŭĭlab sinib, siljishi, qorin yëpiq jarohati, 2 ta buĭrak, oshqozon, ichak va qorin devorlariga qon quĭilishi, kŭndalang chambar ichak ĭirtilishi, ichki qon ketishi, gemoperitoneum, postgemorragik va postravmatik shok, pastki lab chap tomonidagi, engak soxasi ŭng tomonidagi, kŭkrak qafasi old yuzasi tŭsh ustki sohasidagi, chap yelka kamari old yuzasidagi, qorin old devori oqchizigʻi bŭĭlab kindik ustidagi, chap son ichki yuzasidagi chap boldir oldingi va orqa yuzalaridagi, ŭng boldir old va orqa yuzasidagi, ŭng va chap tashqi yuzasidagi tan jarohat”lari aniqlangan.
Ayblanuvchi Rahim Boltaboyev va Yusuf Toʻraxoʻjayev Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “b” bandi va 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam oʻldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Sud hukmi bilan Rahim Boltaboyevga 3-yil, Yusuf Toʻraxoʻjayevga 2-yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil-koloniyalarda oʻtash belgilangan.