Unda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyot ixlosmandlari, ijodiy tashkilotlar, yozuvchining oila aʼzolari, yosh ijodkorlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Adabiy anjuman avvalida teatr foyesida Oʻtkir Hoshimov asarlari, uning hayoti va ijodiga bagʻishlangan kitoblar, sanʼat asarlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, davlat buyurtmasiga asosan Kinematografiya agentligi tomonidan yozuvchining hayoti va ijodiga bagʻishlab tayyorlangan “Chiroq koʻtargan odam” nomli hujjatli film namoyish etildi.
Tantanali kechada ishtirokchilar adabiy-madaniy jarayondagi islohotlar hamda Oʻtkir Hoshimov maʼnaviy merosining oʻrni va ahamiyati xususida soʻz yuritdilar.
– Bundan yarim asrdan koʻproq vaqt ilgari ulkan adib Abdulla Qahhor yosh isteʼdodli qalamkash Oʻtkir Hoshimovning “Choʻl havosi” qissasini oʻqib: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq boʻladi. …Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!” – deya boʻlajak xalq yozuvchisiga oʻzining otalarcha xayrixohligini izhor etgan edi. – deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Oʻtkir Hoshimov oʻzining otashin ijodiy faoliyati bilan ustozlar ishonchini toʻla toʻkis oqladi.
Qaror ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va boshqa hamkor tashkilotlar tomonidan oʻtgan davr mobaynida bir qator tashkiliy-ijodiy ishlar amalga oshirildi. Xususan, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari, mahallalar, harbiy qismlar hamda Adiblar xiyobonida taniqli ijodkorlar, olimlar, madaniyat va sanʼat namoyandalari ishtirokida Oʻtkir Hoshimov ijodiga bagʻishlangan koʻplab uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalari boʻlib oʻtdi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Oʻtkir Hoshimov ijodining oʻrni va ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazilib, unda “El sevgan adib: Oʻtkir Hoshimov zamondoshlari xotirasida” nomli kitobi taqdimoti ham boʻldi. Toshkent shahri Chilonzor tumani Doʻmbirobod mahallasidagi Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov yashab, ijod qilgan uyga yodgorlik lavhasi oʻrnatildi.
– Oʻtkir Hoshimov XX asrning oltmishinchi-toʻqsoninchi yillari orasida asarlari eng koʻp oʻqilgan va hato eng koʻp muhokama qilingan yozuvchi, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurov. – Oʻquvchisi eng koʻp yozuvchi va shu maʼnoda haqiqiy xalq yozuvchisi. Kitobxonlar ming-minglab xatlar orqali yozuvchi bilan muloqot olib borgan. Asarlar oʻziga qanday taʼsir koʻrsatgani, hatto hayotini qanday yaxshi tomonga oʻzgartirgani, qiyinchiliklardan olib chiqib yangidan hayotga chorlagani xususida yozuvchiga oʻz koʻngil eʼtiroflarini yoʻllagan.
Darhaqiqat, Oʻtkir Hoshimov oʻquvchilaridan eng koʻp maktub olgan oʻzbek yozuvchisidir. Joriy yilda yozuvchining muxlislarini ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” respublika koʻrik-tanlovi tashkil etildi. Hududiy bosqichda faollik koʻrsatgan 23 nafar oʻquvchi koʻrik-tanlovning respublika bosqichida ishtirok etdi. Tanlovning respublika bosqichi gʻoliblari shu yilning 12-oktyabr kuni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida munosib taqdirlandi.
Shuningdek, Oʻzbekiston davlat drama teatrida “Dunyoning ishlari”, Oʻzbekiston davlat satira teatrida “Oʻtkir Hoshimov asarlari asosida hajviyot”, Andijon va Qoʻqon musiqali drama teatrlarida “Toʻylar muborak”, Buxoro viloyati musiqali drama teatrida “Toʻylar muborak yoxud uylanmasam oʻlaman” nomli spektakllar ham sahnalashtirildi.
Oʻtkir Hoshimovning “Tanlangan asarlar”i, turk tilida “Ötkir Haşimov. Seçme Hikâyeler” (“Oʻtkir Hoshimov. Tanlangan hikoyalar”) kitoblari chop etildi. Shu bilan birga Turkiyaning Anqara shahridagi “Hece Yayinlari” nashriyotida shoir va tarjimon Hamza Oʻzturkchi tomonidan nashrga tayyorlangan “Zamonaviy oʻzbek hikoyalari” nomli toʻplamdan Oʻtkir Hoshimov asarlari oʻrin oldi.
Adibning ikki eshik orasida kechirgan salmoqli umri va barakali ijodiga bagʻishlangan 100 ga yaqin ortiq maqolalar, adib asarlaridan namunalar gazeta va jurnallarda, internet saytlarida chop etildi. Jumladan, “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida Qarshi davlat universiteti professori Damin Toʻrayevning “Xalq qalbidagi adib”, Umarali Normatovning “Nasrdagi shoir yohud ruhiyat manzillari”, Qodirjon Qayumovning “Madaniyatli boʻlish asar yozishdan qiyin”, “Adabiyot ziyosi” gazetasida Shodmon Otabekning “Vijdonini sotmagan adib”, Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati gazetasida Yusuf Fayzulloning “Insoniylik”, Xayriddin Sultonning “Adiblarning ayollari”, Alinazar Egamnazarovning “El sevgan adib” kabi 20dan ortiq maqolalar eʼlon qilindi.
Tadbir davomida, Oʻzbek davlat drama teatri aktyorlari ijrosida “Dunyoning ishlari”, Qashqadaryo musiqali drama teatri jamoasining “Toʻylar muborak” spektaklidan parcha namoyish etildi. Oʻzbek Milliy Akademik drama teatri aktyori Ixtiyor Otajonov ijrosida yozuvchi qalamiga mansub “Laylak” nomli sahna koʻrinishi, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi oʻquvchilari tomonidan “Daftar hoshiyasidagi bitiklari” kitobidan namunalar oʻqildi. Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli hamda sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiqlari esa kechaga oʻzgacha shavq-zavq bagʻishladi.
Adabiy anjumanda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishtirok etdi.
Muxtasar TOJIMAMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri