Oʻsimlik yogʻi eʼtibor markazida

Soʻnggi paytlarda oʻsimlik yogʻining narxlari konyukturasi hukumat va jamoatchilik diqqat markazida boʻlib kelmoqda. Tashqi bozorda ushbu mahsulotga boʻlgan talabning ortishi va natijada tadbirkorlarning narxlar farqidan foydalangan holda yuqori foyda olishga intilishi oqibatida narxlarning koʻtarilishi davlat tomonidan bozorni barqarorlashtiruvchi chora-tadbirlarning joriy etilishiga olib keldi. Monitoring shuni koʻrsatmoqdaki, amalga oshirilgan ishlar oʻz samarasini bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotlariga koʻra, hafta oxiriga kelib respublikada bir litr oʻsimlik yogʻining oʻrtacha narx 0,4% ga pasayib, 19 034 soʻmni tashkil etdi. Oʻrtacha narxlar diapazoni Andijon viloyatida bir litr uchun 17 110 soʻm, Toshkent shahrida 20 440 soʻmgacha boʻlgan oraliqda oʻzgarib bordi.

11 ta viloyatda oʻsimlik yogʻi narxlarining pasayishi kuzatilmoqda, eng yuqorisi Xorazm (1,3% ga), Buxoro (0,9% ga) viloyatlarida va Toshkent shahrida (0,8%) qayd etildi.

 

 

 

 

Tumanlar tarkibida oʻsimlik yogʻi narxining bir litri uchun eng katta pasayish Shahrixon (5%), Xiva (5%), Oqqoʻrgʻon (4,8%), Qibray (4,6%), Ulugʻnor (4,3%), Zarbdor (4,3%) tumanlarida kuzatildi.

Hafta davomida narxlar faqat 3 ta viloyatda oshdi, ulardan eng balandi Qashqadaryo (0,2% ga), Toshkent (0,1% ga), Fargʻona (0,02% ga) toʻgʻri keladi.

2 hafta davomida 28-apreldan 12-maygacha respublikada oʻsimlik yogʻining oʻrtacha narxi 0,9% ga pasaydi.

Oʻsimlik yogʻi narxlarining pasayishi ichki bozordagi vaziyatning barqarorlashayotganidan dalolat beradi.

Quyida 5-maydan 12-maygacha mol goʻshti, sut, tuxum, kartoshka, guruch, bugʻdoy uni, shakar narxlarining oʻzgarishi keltirilgan.

Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida respublikada oʻrtacha narxlarning oʻsishi mol goʻshti (0,2 %ga, kilosi 61 132 ming soʻmgacha), kartoshka (0,4 %ga, kilosi 4,673 soʻmgacha), tuxum (0,1 %ga, oʻntasi 10,775 soʻmgacha), bugʻdoy uni (0,8 %ga, kilosi 4,879 soʻmgacha), shakar (0,9 %ga, kilosi 8,379 soʻmgacha) uchun qayd etildi.

Hududlar kesimida eng yuqori narx oʻsishi:

  • mol goʻshti Surxondaryo (1,8%) va Navoiy (1,4%) viloyatlarida;
  • sut Xorazm va Buxoro viloyatlarida (0,6%);
  • tuxum Navoiy (1,6%), Xorazm (1,4%) viloyatlarida;
  • kartoshka Xorazm (6,7%), Sirdaryo (5,2%) viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida (5%);
  • guruch Navoiy (1,2%) va Fargʻona (0,6%) viloyatlarida;
  • bugʻdoy uni Namangan (12,6%) va Qashqadaryo (0,6%) viloyatlarida;
  • shakar Qashqadaryo (4,9%), Surxondaryo (2%) viloyatlarida kuzatildi.

Respublikada hafta davomida oʻrtacha narxlarning pasayishi sut (0,2%ga, litriga 6 089 soʻmgacha), guruch (0,04% ga, kilosi 10 165 soʻmgacha), oʻsimlik yogʻi (0,4% ga, litriga 19 034 soʻmgacha) uchun qayd etilgan.

Hududlar kesimida narxlarning eng katta pasayishi quyidagilar uchun qayd etildi:

  • mol goʻshti – Xorazm viloyatida (0,7%), Toshkentda (0,3%);
  • sut – Qoraqalpogʻiston Respublikasida (2,4%), Andijon (1%) va Qashqadaryo (0,9%) viloyatlarida;
  • tuxum – Namangan (0,5%), Andijon va Samarqand (0,4%) viloyatlarida;
  • kartoshka – Jizzax (3,5%), Qashqadaryo (1,9%) viloyatlarida va Toshkent (2,5%) shahrida;
  • guruch – Qashqadaryo (0,7%), Jizzax (0,6%), Andijon (04,5%) viloyatlarida,
  • bugʻdoy uni – Toshkent (0,3%), Fargʻona (0,03%) viloyatlarida;
  • shakar – Toshkent (0,5%), Fargʻona (0,2%) viloyatlarida;

Shunday qilib, Oʻzbekistonda koʻrib chiqilayotgan hafta davomida asosiy isteʼmol tovarlari uchun narx muhiti nisbatan past darajada oʻzgaruvchanligi bilan ajralib turadi.

Shakar va bugʻdoy uni narxlarining koʻtarilishi haqida xavotirlar bor.