Bir qator OAVlarda “Xatirchida direktor oʻrinbosari ikki oʻquvchini urib, jarohat yetkazdi” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilindi.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani tomonidan oʻrganildi, deya xabar beradi matbuot xizmati.

Taʼkidlanishicha, ushbu voqea boʻyicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilib, uning doirasida maktabning oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari A.Q. voyaga yetmagan O.T. hamda Z.A. ga nisbatan yetkazgan tan jarohati yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

11.10.2023-yildagi ekspertiza xulosasi va ish materiallari asosida A.Q.ning harakatlari yuzasidan tuman IIB tomonidan MJtKning 41-modda va 52-modda 2-qismi bilan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, Xatirchi tumani JIB sudiga yuborilgan.

Shu bilan birga, JIB Xatirchi tumani sudining 31.10.2023-yildagi ajrimiga asosan toʻplangan hujjatlar qoʻshimcha surishtiruvga qaytarilib, tuman IIB tomonidan qoʻshimcha surishtiruv ishlari yakunlangan va 16.01.2024-yilda JIB Xatirchi tumani sudiga yuborilgan hamda hozirda ish sud muhokamasi bosqichida.

Taʼlim muassasasida oʻquvchilarga nisbatan sodir etilgan bunday zoʻravonlik holatlarining oldi olinishi yuzasidan koʻrilayotgan choralar Xatirchi tuman prokuraturasi nazoratidadir.

Bolalar ombudsmani mazkur holat yuzasidan oʻz kuzatuvini davom ettiradi, bu borada qoʻshimcha ravishda maʼlumot beriladi.