“Ikki qardosh elning tanti o’g'loni”

    Bo'sh vaqtda 13 Dekabr 2022 2938

    Ma’lumki, xalqimiz qadimdan ko‘pmillatli, baynalminal xalq sifatida ko'plab millat va elat vakillari bilan qon-qarindoshlik, opa-ukalik rishtalarini mustahkam bog‘lab, umr-guzaronlik qilib kelmoqda.

    Tugʻishganidek yaqin, oʻzgacha qadr va qimmatiga ega boʻlgan qoraqalpoq millati xalqimiz tarixida muhim ahamiyatga ega. Ikki qardosh bir tanu bir jon boʻlib, bordi-keldi, quda-andachilik aloqalarini bogʻlanganlar. Shu bois, urf-odatlari, milliy qadriyatlari, orzu-istaklari ongi-shuuriga singib ketgan bu ikki xalq oradan necha asrlar oʻtsada, totuvlik bilan bir-birini ardoqlab kelmoqda.

    Qoraqalpoq va oʻzbek adabiyotining yorqin vakili, qoraqalpoq farzandi, Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Oʻzbekiston qahramoni Ibroyim Yusupovning

    «Mehnat desa yeng shimargan polvonday,

    Aravada togʻ keltir de, keltirar.

    Doʻstlik desa, yulduz topib olganday,

    Oq koʻkragin ezgulikka toʻldirar.»

    misralari bu xalqining qanchalik tanti, keng feʼlli, mard el ekanligini tasvirlaydi. Ayniqsa, shu millatning yuragidagi ahdlari, hayotidagi orzu-umid uchqunlari, matonati va yurtiga sadoqatini xalqchil namoyon etgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat madhiyasida shoir Ibroyim Yusupov bitganiday:

    «...Jayxun jahasinda oʻsken bayterek,

    Tuyobi bir, shaqasi minyo bolar demek,

    Sen sonday sayali, quyashli elsenyo,

    Tinshliq hayom igʻbal sendegi tilek...»

    degan soʻzlar qoraqalpoq suratini chizgan eng goʻzal va buyuk satrlardir.

    Bugungi kunda davlatchilik ildizlarida qoʻsh tomir otgan oʻzbek va qoraqalpoq xalqi “Yangi Oʻzbekiston”ni, uning barobarida “Yangi Qoraqalpogʻiston”ni bunyod etish yoʻlida birlashib, kelajak avlod, uning kelajagi va kamol topishlari uchun munosib hissa qoʻshishni maqsad qilgan.

    Biz esa qoraqalpoq elini shu nurafshon kunlarga chorlagan, oʻz ijodi, mohiyati teran sheʼrlari bilan xalqni olgʻa undagan atoqli va ardoqli adib - Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri, Oʻzbekiston qahramoni Ibrohim Yusupov siymosida qardoshlarimizning orzu-umidlari, istagi va niyatlari, qalb goʻzalliklarini yurakdan his eta olamiz.

    Ibroyim Yusupov ona yurti kengliklarini yuragiga joylagan, vataniga qaynoq mehr-muhabbati bilan bogʻlangan buyuk shoirdir. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida barpo etilgan Adiblar xiyoboni yodgorlik majmualari qatorida Ibroyim Yusupov siymosining ham qad rostlagani xalq shoiriga berilgan yuksak bahodir.

    “Vatan farzandlarining qaynoq mehri, uni shu mehrga chayib tarannum etgan otashnafas shoirlari bilan goʻzal”, deydi Abdulla Oripov. Qoraqalpoq diyori oʻz ijodi bilan dunyoda qoraqalpoq adabiyoti maqomini yuksaltirib turgan Kunxoʻja, Ajiniyoz, Berdaq, Toʻlepbergan Qayipbergenov kabi ulugʻ adiblarni yetishtirib chiqardi. Ular qatorida Oʻzbekiston Qahramoni Ibroyim Yusupov munosib oʻrin tutadi. Qardosh turkiy xalqlar adabiyot olamida ham anchagina taniqli boʻlgan Ibroyim Yusupov sheʼrlarining birida “Men Berdaqning sof qonidan tomchiman...”, deydi kamtarlik bilan.

    Mustaqillik yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yanada yorqin namoyon boʻldi. Ayniqsa, bunyodkor zamondoshlarimizning fidokorona mehnati, yurtimizdagi ulkan islohot va oʻzgarishlar haqidagi turli janrdagi asarlari keng jamoatchilikka manzur boʻldi. Uning “Choʻl armonlari” dostoni – bugun Vatanimizning yanada ravnaq topish jarayonlari aks ettirilgan chinakam zamonaviy asar. Asarda tasvirlangan Ustyurt kengliklari bilan bugun olis Qoraqalpogʻiston shaharchasida, Moʻynoqda amalga oshirilayotgan ulugʻvor yangilanishlar, xalq bunyodkorligi madh etilgan. Adibning “Hayot, senga oshiqman” kitobiga yozgan mana bu soʻzlarida shaxsning jamiyat va xalq oldidagi burchi va masʼuliyati yaqqol koʻrinadi: «Gapning loʻndasini aytsam, shoirlikda uch narsaga sodiq boʻldim: sheʼr orqali xalqning yuragiga yoʻl izladim, zamondoshlarimning yurak sadosin, qaygʻu-quvonchin, orzu-armonlarin, tilak-istaklarin, buyuk insonparvarlik fazilatlarin kuylashga intildim…”.

    Bu insonning sheʼrlaridagi samimiyat, chuqur falsafiy mushohadalar, xalqona tashbehlar meni hamisha hayratga soladi va zavqlantiradi. Satrlarga mahorat bilan jo etilgan ajib timsollar - gʻozlar parvozi, qoratollar raqsi, saksovullar qoʻshigʻi, sahroning sogʻinchli bagʻri sheʼriyatga oshno koʻngillarga oʻzgacha huzur bagʻishlaydi. Ibroyim Yusupov sheʼriyatida uning pok va ulugʻvor ruhiy olami ufurib turar ekan, oʻz oʻquvchilari ichki dunyosida insoniy fazilatlar, muhabbat va sadoqat tuygʻularini tarannum etadi. Shoirning Alisher Navoiy ijodidan olgan benazirlik mahorati, Umar Hayyom ruboiylaridan oʻtgan falsafiy pishiqlik, Nizomiy gʻazallaridagi obrazlilik, Ajiniyoz, Berdaq va Abay ustozlik maktabi taʼsirida shakllangan xalqonalik aks etgan ijodi chin maʼnoda yuksak maʼnaviy xazinamizdir.

    Uning nodir ijodidan bahra olmoq, asramoq va bu bebaho boylikni yoshlarimizga ulashmoq - bizning qardoshlik burchimizdir. Aynan ushbu vazifamizdan kelib chiqib, yaqinda Fargʻona davlat universitetida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibroyim Yusupov maʼnaviy va adabiy merosini abadiylashtirish, uning ijodini yoshlarga chuqur oʻrgatish maqsadida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va badiiy kecha, muntazam oʻtkazib kelinayotgan qoraqalpoq milliy madaniyati kunlari talabalarimizda qardoshlarimiz tarixi va adabiyotiga boʻlgan hurmat va ehtiromni yanada oshirmoqda.

    Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori,

    pedagogika fanlari doktori,

    professor