Uchrashuvda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov soʻzga chiqib, soʻnggi yillarda ikki davlat Rahbarlarining siyosiy irodasi, koʻplab masalalar boʻyicha hamfikrligi, hamkorlikka intilishining mushtarakligi tufayli barcha sohalardagi hamkorlik yana-da mustahkamlanayotgani, oʻzbek va qirgʻiz xalqi azaldan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari asosida hayot kechirib kelayotgani, bu goʻzal anʼana davom etishi, kelajak avlod ham ahillikda, totuvlikda, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini saqlagan holda farovon hayot kechirishini, ikki qardosh xalq orasiga hech kim nizo sololmasligini, dini, tarixi, yoʻli bir xalqlarni kelajagi ham bir ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, uchrashuvda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ikki qardosh xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yildan-yilga rivoj topib borayotgani, muborak dinimizda qoʻshnichilik rishtalariga alohida eʼtibor berilgani hamda qoʻshniga yaxshilik qilish haqida koʻplab tavsiyalar kelgani haqida Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida bayon qilib berdilar.
Oʻzbekiston delegatsiyasining qalbdan chiqqan samimiy soʻzlari mahalliy aholining kayfiyatini koʻtardi, ularga ruhiy quvvat berdi, oʻzaro qoʻshnichilik aloqalarini mustahkamlashga asos boʻldi.
Uchrashuvdan soʻng, tomonlar bir-birlariga oʻzaro sovgʻa-salom ulashdilar.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Matbuot xizmati