Ikki viloyatda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullangan shaxslar ushlandi

    Voqea-hodisalar 10 Fevral 2025 572

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Buxoro viloyati va Toshkent shahrida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shugʻullanib kelgan shaxslar tegishli tartibda ushlandi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gʻijduvon tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.Z. fuqaro G.Z.ga 20 quti kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,6 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Shu kabi, Departamentning Mirzo Ulugʻbek tumani boʻlimi va DXX xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.X. fuqaro A.F.ga 12 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 1,1 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Departamentning Shayxontohur tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “R.Ph.” MCHJga qarashli dorixona sotuvchisi fuqaro M.X.ga 4 quti “Benzonal 100 mg” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini retseptsiz sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.