Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiobod tumani boʻlimi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya“ Jizzax viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.S.“ MCHJ masʼul shaxslari “Mustaqillik“ koʻchasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz tarmogʻiga gaz hisoblagichdan tashqari ulanib, jami 192,2 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Zangiota tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar M.O. va M.X. yashash xonadonlarida past bosimli umumiy foydalanishdagi gaz quvuriga yashirincha shlang yordamida ulanib, jami 151,7 soʻmlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Departamentning Beruniy tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirida fuqaro Yu.N. yashash xonadonida gaz tarmogʻiga shlang yordamida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, jami 126,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Uchtepa tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro R.N. oʻziga tegishli turar-joy binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulanib, jami 111,5 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.