Ikkilamchi avtomobil bozorida narxlar tusha boshlagan

    Transport 29 Sentabr 2023 2329

    Oxirgi ikki haftadagi kuzatuvlar ko'rsatmoqdaki, ikkilamchi avtomobil` bozorida eng likvid hisoblangan Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillari narxida sezilarli darajada pasayish yuz bermoqda.

    Sentyabr boshida yangi Lacetti preyskurant va bozor narxida 5-6 ming dollarlik farq bo'lgan bo'lsa, hozir bu farq uzog'i 3-4 ming dollargacha qisqargan, yangi Cobalt narxidagi farqlar 5-6 ming dollardan 4-5 ming dollargacha, yangi Damas narxidagi farqlar esa 3-3,5 ming dollardan 2,5-3 ming dollargacha pasaygan. 2022 yilgacha ishlab chiqarilgan avtoomobillar narxida ham 10 foiz atrofida pasayish tendentsiyasi mavjud.

    Mazkur jarayon uch omilga bog'lanmoqda.

    Birinchisi, avgustdagi qo'shimcha kontraktatsiya qilingan avtomobillar bozorga faol olib chiqilmoqda va spekulyantlar o'z marjasini tezroq olishga intilishmoqda. SHuningdek, narx shakllanishida sentyabrdagi kontraktatsiya uchun to'lov amalga oshirishga yana mablag' kerak bo'layotgani va oktyabrdan taklif yanada ko'payishi bilan bog'liq psixologik bosim ham yuz bermoqda.

    Ikkinchidan, avgustning 20 sanasidan boshlab banklar avtokredit berish talablarini ancha qattiqlashtirishdi. endi, aytaylik, dastlabki badalsiz yoki kam badal bilan avtokredit taklif etilmayapti. Sentyabrdan boshlab esa avtokreditlar spekulyatsiyasiga sho'ng'ib ketgan ayrim banklar o'yindan vaqtincha chiqarildi. Tabiiyki, spekulyantlar banklardagi sheriklaridan ilgarigidek keng kredit elkasini ola olishmaydi. Kredit kanalining ikkilamchi avtomobillar bozoriga ta'siri etarlicha qisqardi.

    Uchinchidan, pul o'tkazmalari qisqarayotgani va narxlar dollarda belgilanishi ham sezilmasdan qolayotgani yo'q. Odatda mehnat migrantlari kuzga tomon o'z pul o'tkazmalarini kattagina qismini ular tomonidan bahorgacha "pul saqlab turadigan" investitsiya deb ko'riladigan avtomobil sotib olishga yo'naltirishadi. Lekin bu mavsum vaziyat birmuncha murakkab, migrantlarimizning dollarda nominatsiyalangan daromadlari ham, o'tkazmalari ham kamayib bormoqda. Shu ma'noda pul o'tkazmalari kanalining avtomobil` bozoriga ta'siri ham so'nib bormoqda.