Bozordagi faollik
Tahlilchilarga koʻra, hisobot davrida respublikaning aksariyat hududlarida tuzilgan koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni oshgan. Toshkentda esa, aksincha, oʻtgan yilga nisbatan bitimlar soni 12 foizga kamaygan. Oʻtgan chorakdan boshlangan bu pasayishga qaramay, dinamika oʻrta muddatli darajada shakllanmoqda.
Umuman olganda, bozor faolligi oʻtgan yilning oʻrtalariga nisbatan biroz barqarorlashgan boʻlsa-da, hali ham yuqoriligicha qolmoqda, deyiladi sharhda.
Ikkilamchi bozor
Qayd etilishicha, faollikning barqarorlashuvi natijasida ikkilamchi bozorda narxlar oʻsishi sekinlashgan.
2022-yil martidan 2023-yil martigacha ikkilamchi bozorda narxlar soʻm indeksi boʻyicha qariyb 26 foizga, dollar qiymatida esa qariyb 21 foizga oshgan boʻlsa, 2023-yilning martidan 2024-yil martigacha narxlar oʻsishi soʻmda 29,6 foiz, dollarda 17,7 foiz boʻlgan.
Poytaxtda yanvar-fevral oylarida oʻsish surʼatlari oʻtgan yilgi darajada saqlanib qolgan boʻlsa, mart oyida taklif narxi biroz pasaygan.
Birlamchi bozor
Birlamchi bozorda oʻsish surʼatlari yuqoriligicha saqlanib qolmoqda. Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Fargʻona vodiysida oʻsish surʼatlari tezlashgan.
Mart oyida yillik hisobda birlamchi uylar narxlari soʻm indeksida 39 foizga, dollar koʻrsatkichida esa 26,2 foizga oshgan.
Taʼkidlanishicha, yangi uy-joylarga boʻlgan talabni ragʻbatlantirish narxlarga bosimni keltirib chiqarayotgan boʻlishi mumkin.
Ijara bozori
I chorakda respublika boʻyicha ijara narxlarida oʻsish surʼatlari past va barqaror darajada shakllanib kelmoqda. Biroq, oʻtgan yilning boshida kuzatilgan past baza taʼsirining chiqib ketishi sababli joriy narxlar yillik koʻrsatkichlarda toʻgʻrilandi.
Toshkent shahrida taklifning oshishi bilan birga talabning kamayishi hisobiga narx bosimi pasayishda davom etmoqda.
Respublika boʻyicha ijaraga beriladigan uy-joylarning taklif narxlari soʻm indeksida 11,7 foizga (dollar hisobida 1,4 foizga) oshgan. Poytaxtda ijara narxi soʻm indeksida oʻzgarishsiz qolib, dollar indeksida 9 foizdan koʻproqqa pasaygan.
Yer uchastkalari bozori
Birinchi chorakda yer uchastkalari narxining oʻsish tendensiyalari oʻtgan choraklar dinamikasida qoldi. Yillik hisobda 100 kvadrat metr (bir sotix) yerning narxi 37,5 foizga (dollar indeksida – 24,9 foizga) oshib, 364 mln soʻmni tashkil etdi.
Ichki migratsiya va uy-joy bozori
Markaziy bankka koʻra, soʻnggi yillarda aholining ichki mobilligi sezilarli darajada oshib, ichki migratsiya jarayonlari tezlashgan. Ayniqsa, 2017-2023-yillarda aholining hududlardan poytaxtga qarab harakatlanishi oʻsuvchi tendensiyaga ega boʻlgan.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, oʻrganilayotgan davrda barcha viloyatlarda ichki migratsiyaning salbiy dinamikasi kuzatilgan (Toshkent shahri bundan mustasno). Bu esa, maʼlum darajada, poytaxt uy-joy bozoriga qoʻshimcha bosim yaratib, narxlarning yuqoriroq darajada oʻsishiga olib kelmoqda.