1. Soliq idoralari tomonidan xonadonlarga qoʻyilgan taqiq yechilgan 72 ta xonadonni joriy yil 1-sentyabrga qadar fuqarolar nomiga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish.
2. Sud qarorlari va kelishuv bitimlariga asosan banklar balansiga oʻtkazilgan 122 ta va garovda turgan 374 ta xonadon boʻyicha sud jaryonida qayta koʻrib chiqib, kredit taʼminotini pudrat tashkilotiga tegishli boʻlgan va tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga almashtirish hisobiga jami 458 ta xonadonni joriy yil 1-oktyabrga qadar fuqarolar nomiga rasmiylashtirilishini taʼminlash.
3. Bank balansiga olinib, Davlat aktivlari agentligiga oʻtkazilgan 59 ta xonadonni qaytarib, ushbu xonadonlar boʻyicha daʼvoni tergov jarayonida xatlangan mol-mulklarga qaratish va qaytarilgan xonadonlarni joriy yil 1-oktyabrgacha pul toʻlagan fuqarolar nomiga rasmiylashtirib berish.
4. Qurilish ishlari yakuniga yetkazilmagan 4 ta koʻp qavatli uyni Hukumat komissiyasi nazorati ostida qoʻshimcha mablagʻ ajratgan holda joriy yil 1-noyabrga qadar qurilish ishlarini yakunlab, foydalanishga qabul qilish.
Qurilish ishlari yakunlangandan keyin 459 ta xonadonni joriy yil 1-noyabrdan boshlab fuqarolarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish.
Bunda qurilish ishlarini yakunlash va aholini kadastr bilan bogʻliq muammolarini hal qilish uchun Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari – Hukumat komissiyasi aʼzosi Raxmonov Baxtiyar Sultanovich hamda Yashnobod tumani hokimi Raxmonkulov Baxtiyar shaxsan masʼul boʻladi. Shtab Izzat koʻchasida qurilgan uylarning yertoʻlasida joylashgan sotuv ofisida boʻladi.
5. Ikkita shaxs (yakka tadbirkorlar va fuqarolar) nomiga shartnoma berilib, sotib yuborilgan 133 ta xonadon hamda tijorat banklari balansiga olinib, sotib yuborilgan 53 ta xonadonga pul toʻlagan fuqarolarga ham oldin imzolangan shartnomasi hamda toʻlov kvitansiyasi asosida xonadonlar ajratiladi.
Bunda, Izzat koʻchasida qurilayotgan massivdagi xonadonlar yetishmagan fuqarolarga Bektemir tumanida quriladigan uy-joylardan ajratish taklif etiladi.
6. Qurilish tugallanmagan xonadonlarni sotib olishga shartnoma imzolagan fuqarolarning xonadon narxini toʻlanmagan qismini toʻlashlariga qulaylik yaratish maqsadida Izzat koʻchasidagi massiv yaqinida tijorat banki kassasi tashkil etiladi.
7. Izzat koʻchasida qurilgan massivga koʻchib kelgan aholi uchun 2024-yilda respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan ushbu hududga yaqin masofada joylashgan 67-son maktabning boʻsh yer maydonida 990 oʻrinli, 143-son bogʻchaning boʻsh yer maydonida 180 oʻringa moʻljallangan qoʻshimcha bino quriladi.