Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni eʼzozlash – Oʻzbekiston ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir

    “Gʻalaba bogʻida” “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni eʼzozlash – Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri” mavzusida seminar boʻlib oʻtdi.

    Unda senatorlar, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyalari, Bojxona instituti, Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlari, Oʻzbekiston Milliy universiteti va Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Seminarda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizning qahramonligi va tarixiy xizmatlarini yana bir bor keng jamoatchiligimizga yetkazishga, yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib boʻlgan, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylash va yanada mustahkamlashga qodir, jonajon Vatanimizga sadoqatli insonlar etib tarbiyalashga eʼtibor qaratildi.

    Taʼkidlanganidek, Ikkinchi jahon urushi haqiqatan ham insoniyat tarixidagi eng dahshatli, eng qonli qirgʻin boʻlgan. Bu urush insoniyat, shu jumladan, xalqimiz boshiga qanday ogʻir azob-uqubat va talafotlar, behisob qurbonlar keltirganini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.

    Albatta, bu borada respublikamizda davlat rahbari boshchiligida zarur ishlar olib borilyapti.

    Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi. Xususan, 2020-yilga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1,5 millionga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.

    Jahon arxivlari oʻrganilib, yangi topilgan maʼlumotlar tahlil qilinganda esa Oʻzbekistondan 1,951 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani maʼlum boʻldi. Bundan tashqari, ilgari 396 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilgan boʻlsa, aslida bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan, 158 mingdan koʻprogʻi bedarak yoʻqolgan.

    Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan Oʻzbekiston vakillarining soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu koʻrsatkich 120 ming deb qayd etilar edi. Yangi maʼlumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshlarimiz uchala darajadagi “Slava” ordeniga sazovor boʻlgani oʻz tasdigʻini topdi va tarixiy haqiqat yuzaga chiqdi.

    Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi yaqinda boʻlib oʻtgan MDH Parlamentlararo assambleyasining Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80-yilligiga bagʻishlangan majlisida ham ishtirok etgan edi. Tadbir davomida urush yillarida Oʻzbekiston xalqining frontda va front ortida koʻrsatgan beqiyos jasorati va mehnati alohida eʼtirof etildi. Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur majlisdagi ishtiroki mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi faxriylarini qadrlash, tarixiy xotirani saqlash va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan siyosatning xalqaro darajadagi ifodasi boʻldi.

    Oʻzbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarogʻ, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylangan edi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi. Jumladan, koʻp millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan oʻsha vaqtdagi 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod koʻchirib keltirilib, qisqa fursatda ishga tushirilgan.

    Shuningdek, soʻzga chiqqanlar Oʻzbekiston urush tufayli uy-joyi, ota-onasi va qarindoshlaridan ajralgan qariyb 1,5 million kishini oʻz yaqinlaridek qabul qilganini alohida taʼkidladi.

    Tadbir davomida 2025-yil 20-fevralda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80-yilligi hamda Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni munosib nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida koʻzda tutilgan masalalarning mazmun-mohiyatiga eʼtibor qaratilib, urush yillari bedarak yoʻqolgan 158 mingdan ortiq kishilarni qidirish, ularning taqdiriga aniqlik kiritish ishlarida erishilgan natijalarga toʻxtalib oʻtildi.

    Seminar soʻnggida bu borada kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ishlar yuzasidan takliflar bildirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.