Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi munosabati bilan qanday tadbirlar oʻtkaziladi?

    Harbiy 19 Aprel 2021 1982

    AOKAdagi brifingda Mudofaa vazirining madaniy ishlar boʻyicha maslahatchisi, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasi boshligʻi, polkovnik Shuhrat Yusupov mavzu yuzasidan maʼlumot berdi:

    “Mudofaa vazirining «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan gʻalabaning 76 yilligini munosib nishonlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi buyrugʻi tasdiqlandi. Ushbu buyruqqa muvofiq, yoshlar oʻrtasida oʻzbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi jasorati, sabr-matonati, mardligi, vatanparvarligini tarannum etuvchi ijodiy ishlar tanlovi eʼlon qilindi.

    Koʻrik-tanlov Badiiy akademiya, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziriligi, Xalq taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti, “Hunarmand” uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtkaziladi va gʻoliblar 9-may kuni eʼlon qilinib, “Gʻalaba bogʻi” yodgorlik majmuasida taqdirlanadi.

    20-apreldan 20-mayiga qadar “Urush noming oʻchsin jahonda!” mavzusida ijodiy ishlar koʻrgazmalari tashkil etiladi.

    Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front orti faxriylarining qahramonligiga oid koʻngillilar tomonidan topshirilgan materiallar hamda “Shon-sharaf” davlat muzeyi fondida saqlanayotgan eksponatlar va maʼlumotlar asosida badiiy, ilmiy-ommabop “Xotiralardan oʻrin olgan tarix” kitobi nashrga tayyorlanmoqda.

    Ikkinchi jahon urush jarayonlarini, urush qatnashchilari hamda front orti faxriylarining fidoyiligini aks ettiruvchi videlavhalar, qisqa metrajli filmlar va boshqa materiallardan tungi video-panorama shousi tashkillashtirish ustida ish olib borayapmiz.

    Mudofaa vazirligi Xalqaro harbiy hamkorlik bosh boshqarmasi, Tashqi ishlar vazirligi va tegishli idora, tashkilotlar bilan hamkorlikda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk Gʻalabaning 76 yilligi munosabati bilan “Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va xotirasida Ikkinchi jahon urushi: voqealar, ishtirokchilar, ramzlar” mavzusida 2021-yil 30-aprel sanasida Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik koʻrilmoqda».