Taʼlim muassasasining binosi Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanidagi Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi (AKIS) huzurida joylashadi.
Qurilish ishlari boshlanishiga bagʻishlangan marosimda Koreya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor yelchisi Kim Hi Sang, “DICA” rahbari Li Ding Jin, Qishloq xoʻjaligi vaziri oʻrinbosari, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher Toʻrayev, Qishloq xoʻjaligi vaziri maslahatchisi Alisher Shukurov, KRC korporatsiyasi, “DICA” instituti hamda Toshkent viloyati hokimligi vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, Prezidentimizning 2022-yil 14-iyuldagi “Koreya Respublikasi Hukumatining grant mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligiga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2022-2026-yillar davomida uchta markaz: Oʻzbekiston meva-sabzavotchiligida ilgʻor texnologiyalar oʻquv markazi, Oʻzbekiston “aqlli qishloq xoʻjaligi” sanoat texnologiyalari innovatsion markazi hamda Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va uning koʻchatlarini ishlab chiqarish markazi qurilishi rejalashtirilgan.
– Oʻzbekiston va Koreya qishloq xoʻjaligida katta islohotlar va rivojlanish boʻyicha yangi texnologiyalarga bosqichma-bosqich oʻtilyapti. Hozirgacha Koreya qishloq xoʻjaligi yurtingizda “aqlli issiqxonalar” texnologiyasini yanada rivojlantirib, mahsulot sifatini buzmasdan muzlatgich omborlarida uzoq saqlash, bogʻdorchilik, sabzavotchilik sohalarini yanada takomillashtirib kelmoqdamiz. Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi sohasida oddiy fermerdan sohaning ilmli vakiligacha, barcha soha xodimlarining bilim va tajribasini oshirishni maqsad qilganmiz – dedi “DICA” rahbari Li Ding Jin.
AKIS Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi hududida tashkil etiladigan oʻquv markazi hamda Ilgʻor bogʻdorchilik texnologiyalari namunaviy xoʻjaligi negizida dehqon va fermerlar, qishloq xoʻjaligi korxonalari vakillari uchun ilgʻor bogʻdorchilik texnologiyasi boʻyicha oʻquv va malaka oshirish kurslari oʻtkaziladi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha tashkil etiladigan kurslarda koreyalik mutaxassislar 2000 nafar fermerni oʻqitishni rejalashtirmoqda.
Koreya qishloq xoʻjaligi tajribasini oʻrganish maqsadida agrar soha mutaxassislari tajriba oshirish uchun Koreyaga yuborilishi ham ushbu loyiha doirasidagi vazifalardan hisoblanadi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati