— Ijodkor borki, qilgan ishi koʻzga koʻrinishini, odamlar tiliga tushishni istaydi. Siz katta roman yozasizmi yoki kichik lavhani suratga olasizmi, farqi yoʻq, baribir odamlardan maqtov, shirin gap, eʼtirof kutishingiz tabiiy, — deydi film rejissyori Jahongir Ahmedov. — Bu bejiz emas. Chunki ijod ahli koʻngilchan xalq. Qolaversa, ijodkor uchun har qanday asari — xoh u katta boʻlsin, xoh u kichik boʻlsin — oʻz farzandidek gap. Farzandingiz uchun rahmat eshitish, farzandingiz uchun eʼtirof koʻrish — naqadar yoqimli his. Bundan qanday gʻururlanmaslik mumkin axir?

Bu “farzand”imiz xalqaro kinotanlovda ikkita katta sovrin – Belarus Respublikasi Prezidentining maxsus mukofoti hamda “Listapad” XXVII Minsk xalqaro kinofestivalining eng oliy mukofoti – Gran-priga munosib koʻrildi.

Mazkur yutuq bilan Oʻzbekiston Kinematografiya agentligini, “Ilhaq” badiiy filmi ijodiy guruhini, shuningdek, barcha oʻzbek kinotomoshabinlarini hamda soha xodimlarini chin yurakdan tabriklayman!”