Ilhom Berdiyev: “Bobur Mirzoning dardini his qilib, ijroda koʻrsatib berishga harakat qildim”

    Madaniyat 13 Avgust 2021 3592

    Kinematografiya agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti buyurtmasiga binoan “Sintez film” studiyasi tomonidan “Yulbars izidan. Zahiriddin Muhammad Bobur” hujjatli filmini suratga olindi. Unda ulugʻ bobomizning davlat boshqaruvidagi strategiyasi, oʻtkazgan janglari va oila aʼzolari bilan hayotiy kechinmalari koʻrsatiladi.

    Zahiriddin Muhammad Bobur rolini mahoratli aktyor Ilhom Berdiyev ijro etgan. Aktyor film haqidagi taassurotlarini soʻzlab berdi:

    “Mazkur filmda iqtidorli yosh rejissyor Bobur Sher oʻgʻli bilan birga ishladik. U yosh boʻlishiga qaramay, buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur haqida hujjatli filmni suratga olishga qoʻl urdi. Shu oʻrinda tarixshunos olimlar bilan ham muzokaralar olib borildi.

    Men kinokartinada koʻplab aktyorlar orzu qiladigan bosh obrazni ijro etdim. Voqealar asosida bobomizning murakkab shaxs ekanligi, oʻz navbatida sirli va har tomonlama kuchli ekanligi ochib berilgan.

    Bobur bobomiz hayotlik chogʻida chuqur dard va hasrat bilan yashaydi, atrofdagilarning xoinligiga uchraydi. Suratga olish jarayonlarida men bobomizning ana shu dardini his qilib, ijro orqali chiqarib berishga harakat qildim. Oʻzim necha yillar davomida Boburning ijodiga qiziqib kelardim va asarlarini ham koʻp oʻqiganman.

    Davlatimiz rahbari tomonidan shu kabi hujjatli filmlarni yaratilishiga eʼtibor qaratilishi vatandoshlarimizga oʻzgacha shukuh bagʻishlaydi. Ishonamanki, Bobur haqida boshqa badiiy filmlar, seriallar ham suratga olinadi”