Hammasi 2016-yil 30-dekabrdan boshlandi
Hammasi 2016-yil 30-dekabr kuni – yil oxirining eng band, eng tigʻiz kunlaridan birida – akademiklar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvdan boshlandi. Yangi yil arafasida, barcha oʻz oilaviy va rasmiy ishlari bilan band boʻlgan bir paytda, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻz jadvalidan besh-olti soatni ajratib, mamlakatimiz akademiklari bilan bevosita uchrashdi. Suhbat mavzusi yengil emasdi: oʻsha paytda Fanlar akademiyasi ogʻir ahvolda edi, ilm-fan tizimi oʻz yoʻnalishini yoʻqotgan, koʻplab olimlar oʻz salohiyatini roʻyobga chiqara olmayotgan edi. Prezidentimiz sabr bilan har bir akademikning fikr va taklifini oxirigacha tingladi. Suhbat yakunida toʻliq qanoatlanmagani sezilib tursada, u qatʼiy xulosa qildi: ilm-fan ekotizimini albatta tiklash kerak, chunki bizda oʻrta asrlardan buyon davom etib kelayotgan buyuk olimlar – Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek kabi allomalar – merosi bor, va bu meros bugungi avlodni ham shunga munosib ishlarga daʼvat etadi. Aynan shu kundan – oddiy maʼmuriy buyruqdan emas, balki shaxsiy, chuqur ishonch va masʼuliyatdan – Oʻzbekiston ilm-fanining yangi yoʻli boshlandi.
Toʻqqiz yillik poydevor
Oradan oʻtgan yillarni sanab oʻtirish mumkin, ammo raqamlar ortida turgan maʼno muhimroq. 2017-yilda, oʻsha uchrashuvdan koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qayta jonlantirildi. Tarkibidan chiqarib yuborilgan qator institutlar qaytarilib, moddiy-texnik bazasini tiklash uchun maxsus Prezident qarori qabul qilindi, katta mablagʻ ajratildi. Koʻp oʻtmay 2017-yil kuziga kelib, mamlakat tarixida birinchi marta ilm-fan va innovatsiya masalalari bilan maxsus shugʻullanadigan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Qisqa uch yillikka moʻljallangan Innovatsion rivojlanish strategiyasi qabul qilinib, asosiy qadamlar aniq belgilab olindi. Natijada, 2017-2021-yillar davomida poydevorlar barpo boʻldi. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi va “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi tarixiy qonunlar qabul qilindi, “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ilm-fan va innovatsion rivojlanishni sarhisob qilish maqsadida Milliy maʼruza qabul qilish yoʻlga qoʻyildi. Ana shunday ochiq tahlilli boʻlgan Milliy maʼruzaning 2017-2021-yillar sarhisobi chop etildi.
2022-yilda esa, Jahon bankining “Oʻzbekiston milliy innovatsiya tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tayyorlangan Milliy maʼruzada birinchi marta butun ekotizim – davlat boshqaruvi, taʼlim va kadrlar tayyorlash, bilim va gʻoya yaratish, moliyalashtirish, infratuzilma va tijoratlashtirish, ilm-fan madaniyati kabi olti yoʻnalish boʻyicha – batafsil xaritaga tushirildi. Aynan shu hisobotda biz oʻzimizga nisbatan xolis boʻldik: ilm-fan va biznes oʻrtasidagi aloqa zaif ekanini, innovatsiya faoliyatining asosiy qismi Toshkentda toʻplanib qolganini ochiq tan oldik. Bu – maqtanish uchun emas, tuzatish uchun yozilgan hisobot edi.
2023-yilda esa boshqaruv mustahkamlandi: Innovatsion rivojlanish vazirligi Oliy taʼlim vazirligi bilan birlashtirilib, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tashkil etildi. Maqsad aniq edi: taʼlim, ilm va innovatsiyani bir qoʻlga toʻplab, ilm-fan siyosatini kundalik maʼmuriy ishga aylantirmaslik, balki uni milliy ustuvor vazifa sifatida saqlab qolish. Ushbu jarayonning ichida boʻlgan, bu ishlarda qatnashgan koʻplab mutaxassislardan biri sifatida shuni ayta olaman: bu – oson yoʻl boʻlmadi, ammo u bekorga ham ketmadi.
Toʻqqiz yil davomida amalga oshirilgan ishlarni bir soʻz bilan taʼriflash mumkin: poydevor. Qonunlar, institutlar, strategik-reja, birlashgan boshqaruv – bularning hammasi koʻzga unchalik tashlanmaydigan, ammo ustiga hamma narsa qurilishi kerak boʻlgan asos edi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, dunyoda boshqa davlatlar ham shunga oʻxshash islohotlarni boshlagan. Baʼzi qoʻshni mamlakatlarda oʻn yildan ortiq davom etgan islohotlarga, yangi vazirliklar va dasturlarga qaramay, Global innovatsiya indeksidagi oʻrin deyarli oʻzgarmay qolgan, yuqori texnologik eksport ulushi esa yillar davomida pasayib borgan. Ilmiy maqolalar soni sezilarli oshgan boʻlsada, ularga berilgan iqtiboslar soni aksincha pasaygan, patent arizalari esa oʻn yilga yaqin deyarli bir joyda turgan. Sababi sodda: yangi qonunlar va tashkilotlar eski, oʻzgarmagan tizim ustiga shunchaki qoʻyilib qolgan, oliy taʼlim, biznes va davlat oʻrtasidagi hamkorlik esa koʻpincha forum va memorandumlar darajasida qolib ketgan – natijada islohot faqat qogʻozda qolgan, boshqacha qilib aytganda atrofimizda “innovatsiyasiz innovatsiya” tushunchasini shakllanishiga olib kelgandi.
Oʻzbekiston boshqa yoʻldan bordi. Biz tizimni shunchaki “yangilash” emas, uni haqiqatan ham boshidan qayta qurishga intildik: eski tuzilma ustiga yangi vazirlik joylashtirish bilan cheklanmadik, balki avval mustaqil, keyin taʼlim tizimi bilan chuqur birlashtirilgan, oʻz faoliyatini doimiy ravishda qayta koʻrib chiqadigan yangi institutsional mantiq yaratdik. Natija koʻrinib turibdi: bizning reytingimiz toʻqqiz yil ichida 122-oʻrindan 79-oʻringa koʻtarildi – demak, farq faqat soʻzda emas, amalda ham bor.
Asosiy yutuqlar – raqamlar tilida
Toʻqqiz yillik ishning natijasini faqat soʻz bilan emas, raqam bilan ham koʻrsatish mumkin, va bu raqamlar uchala Milliy maʼruza hisobotida aniq qayd etilgan.
Birinchidan, olimlar soni va sifati oʻsdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, har bir million aholiga toʻgʻri keladigan tadqiqotchilar soni 2020-yilda 876 kishini tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 1002 kishiga yetdi – yaʼni birinchi marta ming kishilik chegaradan oʻtdi. Falsafa doktorlari (PhD) soni deyarli ikki barobar oshdi. Bu – oʻrta daromadli davlatlar darajasiga yaqinlashish degani, garchi rivojlangan davlatlar (masalan, Janubiy Koreyada bu koʻrsatkich 7980 kishini tashkil etadi) bilan hali katta farq saqlanib qolsada. Ikkinchidan, mamlakatimiz Global innovatsiya indeksida sezilarli oʻsish koʻrsatdi: 2015-yilda 141 davlat orasida 122-oʻrinda turgan Oʻzbekiston 2025-yilga kelib 79-oʻringa koʻtarildi. Lekin bu yerdagi eng muhim jihat – oʻrin emas. Jahon intellektual mulk tashkiloti (VOIS) Oʻzbekistonni toʻrt yil ketma-ket “overperformer” – yaʼni mamlakatning iqtisodiy darajasiga nisbatan kutilganidan ancha yaxshi natija koʻrsatayotgan davlat – deb tan oldi. Boshqacha aytganda, biz faqat boyligimizdan emas, aql-zakovatimizdan foydalanib yutuqlarga erishmoqdamiz. Uchinchidan, yuqorida aytilgan ikki qonun va “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” orqali mamlakatda birinchi marta ilm-fan va innovatsiya uchun yaxlit huquqiy negiz yaratildi. Bu – koʻrinmas, lekin juda muhim natija: endi har bir keyingi qaror shu negizga tayanadi.
Endi – amaliyot va natija davri
Biroq poydevor – bu imoratning oʻzi emas. Bugun biz, balki eng masʼuliyatli bosqichga kirmoqdamiz: toʻqqiz yil davomida yaratilgan qonunlar, institutlar, infratuzilma va boshqaruv tizimi endi amaliyotga aylanishi, kundalik foyda berishi kerak. Boshqaruv ancha integratsiyalashgan va mustahkamlangan – ammo bu yoʻl tugadi degani emas. Aksincha, aynan shu bosqichda yana ham koʻproq eʼtibor, sabr va mablagʻ talab etiladi, chunki endi vazifa faqat qonun qabul qilish yoki institut tuzish emas, balki oʻsha qonun, oʻsha institut, oʻsha infratuzilmani fermer, olim, tadbirkor va oddiy fuqaroning kundalik hayotida ishlatib koʻrsatishdir.
Bu yerda men gazeta oʻquvchisidan hech narsani yashirib qolmoqchi emasman: 2022-yilgi Milliy maʼruza hisobotda oʻzimiz yozgan muammolar – ilm-fan va biznes oʻrtasidagi zaif aloqa, tadqiqotlarni tijoratlashtirish mexanizmlarining yetishmasligi, Toshkentdan tashqarida ilmiy faoliyatning sustligi – bular haligacha toʻliq hal boʻlgani yoʻq. Shuni ham ochiq aytish kerak: ilm-fanga ajratilayotgan mablagʻ yalpi ichki mahsulotning 0,14 foizidan oshmaydi, dunyo oʻrtacha koʻrsatkichi esa 2,63 foizni tashkil etadi – yaʼni bizdan 15–20 barobar yuqori. Bu – zaiflik belgisi emas, balki nimaga koʻproq eʼtibor berish kerakligining aniq koʻrsatkichidir: poydevor qurib boʻlindi, endi uning ustiga imorat – yaʼni amaliy natija, foyda va ishonch – qurilishi kerak degani.
Bir millionga yaqin yangi hayot va Markaziy Osiyo
Endi kelajakka nazar tashlaylik. Har yili mamlakatimizda deyarli bir millionga yaqin chaqaloq dunyoga kelmoqda, aholimizning uchdan bir qismiga yaqini esa oʻn besh yoshgacha boʻlgan bolalar va yoshlardan iborat. Bu – oddiy demografik raqam emas, bu – kelajak oʻn yillikda qanday jamiyat qurajagimizga bogʻliq masala.
Shu yoshlar uchun biz nima tayyorlab qoʻyayapmiz? Agar ular faqat imtihon topshirish, diplom olish va ish qidirishni oʻrgansa, biz bir katta imkoniyatni boy beramiz. Ammo agar ular maktabdanoq ilm, tajriba va tadbirkorlik ruhida tarbiyalansa, ularning har biri – kelajakdagi olim, fermer-innovator yoki startap asoschisi boʻlishi mumkin.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston endi faqat oʻz ichida emas, mintaqada ham masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmoqda. 1993-yilda Orol dengizini saqlash xalqaro jamgʻarmasiga asos solgan davlatlardan biri sifatida Oʻzbekiston 2027–2029-yillarda bu jamgʻarmaga uchinchi marta raislik qiladi. Suv, iqlim, oziq-ovqat xavfsizligi, raqamli boshqaruv kabi masalalarni faqat milliy emas, mintaqaviy miqyosda hal qilish – bu bizning oldimizdagi navbatdagi katta vazifa.
Har bir oʻquvchiga – alohida soʻz
Bu maqolani turli kasb, turli yosh va turli qarashdagi odamlar oʻqishi mumkin, shuning uchun shunday murojaat qilishni istardim.
Toʻqqiz yillik ish – butun davlat tizimining yoʻnalishi Prezidentimiz rahbarligida qanday oʻzgarganining isboti. Endi har bir vazirlik, har bir hokimlik oʻz sohasida ilm-fan va innovatsiyani qoʻshimcha emas, asosiy vosita sifatida koʻrishi kerak. Ilm-fan va taʼlim jamoasiga: siz yaratgan har bir maqola, har bir patent, har bir tarbiyalangan talaba – bu milliy boylik deb uqtirmoqchiman, bu yoʻldan aslo toʻxtamang. Lekin endi savol shu: bu bilim qayerda, kimning hayotida ishladi? Shu savolni oʻzimizga muttasil berishimiz kerak.
Yoshlar va yosh tadbirkorlarga yuzlanib, xalqaro reytinglarda koʻtarilishimiz Sizlarga imkoniyat yaratish uchun xizmat qilsin deyman. Startap, laboratoriya, fermer xoʻjaligi – barchasi sizning gʻoyalaringizni kutmoqda. Sizlardagi ishtiyoq, intilish va bunyodkorlik tashabbuslari juda muhim omil. Ilm-fanga, innovatsiyalarga, taʼlimga ajratilgan va beriladigan har bir soʻm – xarajat emas, uzoq muddatli investitsiya – agarki Sizning kuchingiz va bilimingiz bilan uygʻunlashsa. Yuqorida keltirilgan raqamlar – oʻsib borayotgan tadqiqotchilar soni, koʻtarilayotgan reyting – Sizga albatta qanot boʻladi.
Xulosa: reytingdan ekotizimga, ekotizimdan kelajakka
Toʻqqiz yil oldin mamlakatimiz oldida savol turardi: ilm-fan nima uchun koʻrinmaydi? Bugun savol boshqacha: ilm-fan kimga xizmat qilmoqda? Ilm-fan quyigacha yetib borib nazariyadan ishonchga, yoshlar qoʻlida kelajakka qoʻyilgan qadamga aylanishi shart. Biz Yangi Oʻzbekiston farzandlari nafaqat yurtimizni balki oʻz ilmimiz bilan mintaqamizni rivojlantirishga masʼulmiz. Shunda ilm-fandagi peshqadamligimiz milliy yutuq emas, umumiy taraqqiyotga aylanadi hamda butun dunyo uchun namunaga aylanadi. Bu yoʻlni boshlagan, ilm-fanga, yoshlarga va kelajakka ishongan Davlatimiz rahbari belgilab bergan marraga yetganimiz yoʻq. Bu marra sari davom etayotgan yoʻlimiz esa aynan hozir, yangi, kengroq va chuqurroq bosqichga kirmoqda.
Ibrohim Abdurahmonov,
Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri,
akademik