Mazkur muassasa bitiruvchilari, tabiiyki, viloyatdagi yirik sanoat korxonalariga ishga kirishga harakat qilishadi. Ammo, bu doimo oson boʻlavermaydi. Shu bois, koʻpincha ular ish topishda muammolarga duch kelishadi. Bu esa, oʻzi egallagan kasb yoʻnalishi qolib, boshqa ish qilishga majburlikni keltirib chiqaradi. Keyingi paytda joylarda oʻtkazib kelinayotgan boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari koʻpgina yoshlarni oʻz oʻrnini topishda koʻmakchi vazifasini oʻtamoqda.

Prezidentimiz raisligida 2022-yil 4-mart kuni talabalar bandligini taʼminlash masalalari boʻyicha oʻtkazilgan vedeoslektr yigʻilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi, bandlik bosh boshqarmasi, Qarshi shahar hokimligi hamda Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti hamkorligida “Ilmga asoslangan mehnat — taraqqiyot poydevoridir” nomli “Karyera kuni” hamda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutida oʻtkazilgan tadbir asosiy maqsadi fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani takomillashtirish va rivojlantirish hamda talaba-yoshlarning bandligini taʼminlashga qaratildi.

Unda “Shoʻrtangaz kimyo majmuasi” MCHJ, “Uzbekistan GTL” MCHJ, “Oʻzburgʻuneftgaz” AJ, Muborak neft va gazni qayta ishlash zavodi, “Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ, “Oʻzsandart” agentligi Qashqadaryo filiali, “Qarshi yogʻ–ekstraksiya” MCHJ, viloyat Markaziy banki, “Koson yogʻ-ekstraksiya” MCHJ kabi 40 dan ortiq korxonalar ishtirok etdi.

— Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida joriy oʻquv yilida bakalavr taʼlim yoʻnalishi hamda magistratura mutaxassisliklarini tamomlaydigan 1734 nafar talabaning bandligini taʼminlash uchun ish beruvchilar bilan mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish rejalashtirilgan, — deydi Qarshi muhandislik–iqtisodiyot instituti rektori O. Bazarov. — Hozirda oliygohimizda geologiya va konchilik ishi, iqtisodiyot, muhandislik texnikasi, neft va gaz, sanoat texnologiyasi, elektronika va avtomatika, energetika fakultetlari mavjud. Ushbu talabalarimiz uchun oʻziga xos keng imkoniyatlar eshigini ochib beradi, degan umiddamiz.

Yarmarka jarayoni bevosita bitiruvchi talabalar uchun foydali boʻldi. Jumladan, institut bitiruvchilaridan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishlashga ehtiyoji bor yoshlardan 42 nafari shu kunning oʻzida oliygohdagi mavjud boʻsh ish oʻrinlariga joylashtirildi. Shuningdek, yana 252 nafar talaba institut hududida faoliyat olib borayotgan savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalariga ishga jalb qilindi. Viloyat bandlik bosh boshqarmasi tashabbusi bilan “Karyera kuni”, boʻsh ish oʻrinlari va amaliyot yarmarkalari, talabalar uchun biznes uchrashuvlar tashkil etildi. Natijada 50 nafar, talabalarning biznes-rejalari uchun banklardan imtiyozli kredetlar ajratish orqali 37 nafar, viloyat investitsiya dasturi doirasida tashkil etilgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari bilan hamkorlikda 216 nafar yoshning bandligi taʼminlanadigan boʻldi.

— Bugun oʻz kasbim boʻyicha ishga qabul qilindim, — deydi institut bitiruvchilaridan biri Nuriddin Gʻoyimov. — Ushbu yarmarka koʻpchilik yoshlar uchun katta yordam berdi. Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasida Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasi mutasaddilari taklif etgan ish oʻrni menga juda maʼqul keldi. Shu yerning oʻzida mehnat shartnomasi tuzib, ishga qabul qilinganimni maʼlum qilishdi. Endilikda oʻz ish oʻrnimga ega boʻldim. Oʻqishni tamomlagach, biror korxona yoki muassasadan ish topish borasida hozirdan uylab yurardim. Tashkil etilgan yarmarka esa men uchun ayni mudao boʻldi. Men kabi koʻplab tengdoshlarim tegishli tashkilotlar bilan mehnat shartnomasi imzolashga muvaffaq boʻlishdi.

Karyera kuni” va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi doirasida talaba-yoshlar va bitiruvchilar uchun davra suhbatlari, mahorat darslari hamda seminar-treninglar ham oʻtkazildi. Shuningdek, bir qator kompaniya, klaster va tashkilotlar mutasaddilari bilan talabalar oʻrtasida mehnat shartnomalari tuzildi va institut bilan kompaniyalar oʻrtasida yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha bir qator memorandumlar imzolandi. Iqtidorli talablarga “Shoʻrtangaz kimyo majmuasi” MCHJ va “Uzbekistan GTL” MCHJ kabi tashkilotlar stipendiyasining sertifikatlari topshirildi.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri