Bu sana — bir olimning umriga berilgan baho boʻlish bilan birga, oʻzbek iqtisod fanining butun bir ilmiy maktabi, ustoz–shogird anʼanalari va avlodlar davomiyligining ramzidir.

Qalandar Abdurahmonov 1946-yil 2-fevral kuni Qashqadaryo viloyatida tugʻilib, ilk taʼlimni yurtida olgan. Keyinchalik Toshkent xalq xoʻjaligi institutida, Moskvadagi G.V. Plexanov nomidagi xalq xoʻjaligi institutida “Mehnat iqtisodiyoti” yoʻnalishi boʻyicha tahsil olib, iqtisod fanlari sohasida mustahkam ilmiy asos yaratdi.

1973-yilda nomzodlik, 1990-yilda esa “Hududlarda mehnat salohiyatini shakllantirish va undan foydalanishni boshqarish” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilib, iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasiga, 1991-yilda professor ilmiy unvoniga sazovor boʻldi. U turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida rahbarlik lavozimlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Ilmiy markaz direktori sifatida faoliyat yuritdi. 1995-yildan bugungi kungacha esa G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali direktori sifatida samarali mehnat qilib kelmoqda.

Akademik Qalandar Abdurahmonovning rahbarligida qariyb 100 nafar fan nomzodi va fan doktorlari tayyorlanib, mamlakatimizda va xorijda faoliyat yuritmoqda. Bu esa uning ilmiy rahbar sifatida shakllantirgan katta maktabi mavjudligidan dalolatdir.

Olimning ilmiy merosi, avvalo, uning asarlari orqali namoyon boʻladi. Qalandar Abdurahmonov mehnat iqtisodiyoti, inson kapitali, ijtimoiy-mehnat munosabatlari, turizm menejmenti hamda sunʼiy intellekt masalalariga bagʻishlangan koʻp sonli monografiya, darslik va oʻquv qoʻllanmalar muallifidir. Uning “Mehnat iqtisodiyoti” darsligi Oʻzbekistonda besh marotaba, Rossiya Federatsiyasida esa olti marotaba qayta nashr qilinib, iqtisodchi mutaxassislar tayyorlashda asosiy oʻquv manbalaridan biriga aylangan.

2020-yilda Londonda nashr etilgan “Labour Economics”, AQSHda chop etilgan “Labor Economics in the Era of Artificial Intelligence” darsliklari, shuningdek sunʼiy intellektga bagʻishlangan soʻnggi monografiyalari olim ilmiy gʻoyalarining xalqaro maydondagi eʼtirofidir.

Akademik Qalandar Abduraxmonovning ilmiy ishlari Scopus va RINS xalqaro axborot tizimlarida indeksatsiya qilingan. U qator nufuzli milliy va xorijiy ilmiy jurnallar tahrir hayʼatlari aʼzosi sifatida iqtisod fanining rivojiga uslubiy va ilmiy jihatdan hissa qoʻshib kelmoqda. 2017-yildan u Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi — akademik, 2023-yildan esa Xalqaro menejment akademiyasi aʼzosidir.

Olim tashabbusi bilan “Inson kapitali va sunʼiy intellekt” ilmiy maktabi shakllantirilib, 2024-yilda Chiroqchi tumanidagi 1-son maktabda “Maktab – oliy taʼlim – Akademiya” integratsiyasi doirasida ushbu yoʻnalishda ilmiy maktab ochildi. Bu tashabbus yosh avlodni zamonaviy bilimlar asosida tarbiyalashga qaratilgan muhim qadam sifatida eʼtirof etilmoqda.

Qalandar Abduraxmonovning mehnati davlat va jamoatchilik tomonidan munosib baholangan. U “Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi aʼlochisi” faxriy unvoni, Oʻzbekiston va Rossiya Federatsiyasining “Doʻstlik” ordenlari bilan taqdirlangan.

Akademik Qalandar Abduraxmonov nafaqat yirik iqtisodchi-olim, balki ijodkor ziyoli sifatida ham tanilgan. Uning badiiy asarlarida ilm, inson qadri va Vatanga muhabbat gʻoyalari mujassam.

80-yillik sharafli umr — ilmga sadoqat, ustozlik masʼuliyati va kelajak avlod oldidagi burchning yorqin namunasidir. Akademik Qalandar Abduraxmonov ana shunday hayot yoʻlini bosib oʻtgan, hanuz faol izlanishda boʻlgan zabardast olimdir.

 “Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati jamoasi gazetaning faol mualliflaridan boʻlgan olimning muborak 80 yoshi bilan samimiy qutlaydi. Uning ijodiy-ilmiy ishlariga baraka tilaydi.