Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan barcha jabxadagi islohotlar qatori taʼlim tizimiga ham eʼtibor qaratilayotgani quvonarli hol. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada taʼlimga eʼtibor va kafolatlar kengaytirilmoqda, jumladan, taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshmoqda, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi berilishi Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor-oʻqituvchilar va talabalarning oʻquv jarayonidagi mustaqilligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Referedum natijasida davlat oliygohlarida davlat hisobidan oʻqish belgilanadi, bepul boshlangʻich professional taʼlim beriladi, bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim kafolatlanmoqda, inklyuziv taʼlim Konstitutsiyaga kiritiladi, nogironligi bor bolajonlarimizga oʻz tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Oʻzbekistonda badiiy taʼlim sohasida mutaxassis kadrlarni yetishtirib chiqaradigan Kamoliddin Behzod Milliy rassomlik va dizayn institutida ham 2022-2023-yillarda ilmiy-ijodiy va innovatsion gʻoyalarni qoʻllagan holda koʻplab yangi loyihalar yaratilmoqda.

Jumladan, joriy yilda institutda 3 ta innovatsion ahamiyatga ega boʻlgan amaliy grant loyihasi yakuniga yetkazildi. Oʻzbek milliy etnomadaniy tantanavor liboslarining mobil ilovasini yaratish boʻyicha ilmiy tadqiqotda etnomadaniy, tarixiy liboslarimiz haqida faqat kitoblarda, ilmiy tadqiqotlarda cheklanib qolmasdan, masalaga innovatsion yondashgan holda targʻib etish, bu orqali yosh avlodga oʻzligimizni chuqur singdirish, badiiy-estetik didini tarbiyalash, yuksaltirish – bosh maqsad sifatida belgilanib olindi. Oʻzbek milliy etnomadaniy liboslari tarixi va sanʼatini keng targʻib etish hamda xorijga tanitish maqsadida mobil ilova “Google Play Market” va “App Store” ilovalar doʻkonida yoʻlga qoʻyildi.

Mobil ilovada joy oladigan oʻzbek etnomadaniy tantanavor liboslarga oid maʼlumotlardan tadqiqotchi mutaxassislar oʻz ilmiy faoliyatlarida foydalanishlari mumkin. Taʼkidlash kerakki, etnomadaniy libos xalqlarning milliy oʻzligini, etnik belgilarini koʻrsatuvchi mezon, nafaqat urf-odat, milliy qadriyat, ijtimoiy munosabatlarini, balki diniy eʼtiqodi, nafosat va estetik normalarini ifodalovchi moddiy-maʼnaviy yodgorlik sanaladi.

Ilmiy innovatsion loyihalar muzeylar bilan institut oʻrtasidagi oʻzaro integratsiyani koʻrsatmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyidagi noyob eksponatlarning 3D animatsiyali virtual galereyasini yaratish nomli amaliy loyihada Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida arxeologiya, numizmatika, etnografiya, badiiy asarlar va boshqa fondlarga oid 340 mingdan ortiq saqlanib kelinayotgan osori atiqalarning 3D animatsiyali virtual galereyasi yaratildi.

Oʻzbekiston badiiy taʼlim tizimida onlayn muzey elektron galereyasini yaratish amaliy loyihasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bazasidagi mavjud 600 ga yaqin ijodiy ishlarning elektron ilmiy pasporti tasvirlari oʻzbek, rus, ingliz tillarida ishlab chiqildi.

Shuningdek, XX asr Oʻzbekiston badiiy taʼlimining boshlangʻich, oʻrta maxsus va oliy taʼlim tarixini oʻrganish boʻyicha faktologik maʼlumotlar uch tilda onlayn muzey saytiga joylashtirildi. Bu badiiy taʼlim rivojidagi umumiy qonuniyatlarni ijodiy ishlar tasviri integratsiyasi asosida yangilangan nuqtayi nazardan koʻrib chiqishga imkoniyat beradi. Tarixiy jarayonlarni oʻrganish asosida badiiy taʼlim rivojining asosiy bosqichlariga mansub kam oʻrganilgan yoki avvallari nomaʼlum boʻlgan manbalar ilk marotaba tahlil etilgan va shakllanishi, tamoyillari, xususiyatlari yoritilgan.

Bugungi kunda mazkur institutda badiiy taʼlim sohasidagi kadrlarni tayyorlash, oʻzaro tajriba almashish maqsadida jahonning yetakchi mamlakatlari muzeylari bilan ham samarali ilmiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-yanvardagi “Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti faoliyatini yanada takomillashtirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 8-son Qarori bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida institutda koʻplab xorijiy soha mutaxassislari bilan hamkorlikda muntazam ravishda konferensiyalar, seminarlar oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtkazilayotgan xalqaro ilmiy anjumanlarda sohaga ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalari vakillari oʻz ilmiy tadqiqotlari natijalari bilan ishtirok etib, moddiy va madaniy meros, jahonning koʻplab nufuzli muzeylarida saqlanayotgan bu kabi eksponatlar, muzeylardagi innovatsion tadqiqotlar, muzeyshunoslikka bagʻishlangan dolzarb muammolar va ularning yechimlari haqida oʻz fikr va mulohazalarini bildiradilar.

Institutda 2020-yilning 9-iyulida tashkil etilgan ixtisoslashgan Ilmiy kengashda sanʼatshunoslik fanlari boʻyicha himoyalar muntazam ravishda tashkil etilmoqda. Shuningdek, 2020-yilda Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi va Oʻzbekiston sanʼati davlat muzeylarida muzeyshunoslik ixtisosligi boʻyicha tashkil etilgan ixtisoslashgan Ilmiy kengashlarda aynan bizning oliygohimiz tayanch doktorantlari va mustaqil izlanuvchilari oʻzlarinining dissertatsiyalarini himoya qilmoqdalar. Albatta ushbu ilmiy Kengashlarning tashkil etilishi yosh tadqiqotchilar uchun juda muhim foydali ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etdi.

Oʻtgan yilning oktyabr oyida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Kamoliddin Behzod ijodi jahon olimlari nigohida” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman boʻlib oʻtdi. Xalqaro konferensiya ishtirokchilarini qutlash maqsadida Eron, Ozarbayjon, Turkiya, Fransiya kabi davlatlarning Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari ham oʻz tabriklari bilan ishtirok etdilar. Xalqaro anjuman ochilishida ijro etilgan oʻzbek, turk, ozarbayjon, fors va fransuz milliy musiqa sanʼatining nodir durdonalari yigʻilganlarda koʻtarinki kayfiyat uygʻotdi. Tadbir doirasida Ozarbayjon davlat madaniyat va sanʼat universiteti va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga oid memorandum imzolandi.

Institutda ilmiy izlanishlarga berilayotgan eʼtibor samarasi oʻlaroq Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-son qarori bilan tasdiqlangan “Yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish tartibi toʻgʻrisida” Nizomga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Maxsus ekspert guruhining 2022-yil 17-noyabrdagi yigʻilish bayoni qaroriga asosan yosh olimlarni stajirovkaga yuborish rejasi maʼqullandi. Shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi Kuzatuv kengashining 2022-yil 7-dekabrdagi yigʻilish bayoni qaroriga asosan “2022-2023-yillarda yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlarga (markazlar, universitetlar va boshqalar) qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuboriladigan yosh olimlar roʻyxati” tasdiqlandi. Gʻolib boʻlgan ilmiy tadqiqotchilar orasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti izlanuvchilari ham mavjud, ular Ozarbayjon Respublikasining Ozarbayjon davlat madaniyat va sanʼat universitetida ikki hafta mobaynida oʻz tadqiqotlari doirasida ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar. Ayni kunlarda institutimizning 3 nafar tayanch doktorantlari oʻzlarining ilmiy tadqiqotlari yuzasidan stajirovka maqsadida Ozarbayjonda boʻlib turibdilar. Albatta, keyingi yillarda yurtimizda insonga, taʼlim sifatiga boʻlgan eʼtiborni bizning institutdagi ilmiy faoliyat va badiiy ijod erkinligida koʻrib turganimiz alohida mazmunga ega.

Yangilanayotgan Konstitutsiya taraqqiy etgan davlat – Yangi Oʻzbekistonni qurish gʻoyasi atrofida butun jamiyatimizni jipslashtiradi. Bu bosh hujjatimizning tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlayotganligidan dalolat beradi.

Dilafroʻz QURBONOVA,

Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori,

tarix fanlari doktori