Xalqimizning dunyoga mashhur olimlaridan Imom Buxoriy “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb ayni haqiqatni aytib o‘tgan. Asrlar o‘tsa-da, bu fikr sayqallanib, naqadar to‘g‘ri ekanini isbotlab kelmoqda.
Prezidentimizning shu yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’lim muassasalarini tizimli rivojlantirish, pedagogika sohasida ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashda alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Mazkur qaror asosida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti negizida Andijon davlat pedagogika instituti tashkil etilgani jamoamizni xursand qildi. Shu bilan birga, zimmamizga katta vazifa va mas’uliyat yukladi.
Mamlakatimizning aholi zich joylashgan viloyatlaridan bo‘lgan Andijonda pedagogika instituti tashkil etilgani nafaqat hududda, balki vodiyda pedagog kadrlarga ehtiyojni ta’minlashga xizmat qiladi. Qarorda har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-o‘qituvchisini ushbu muassasalarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish belgilab qo‘yilgani alohida ahamiyatlidir.
Institutimiz talabalari va pedagoglari malakasini, mehnat ko‘nikmasini oshirish uchun viloyatdagi qator ta’lim muassasalari, jumladan, Andijon shahridagi 27-maktab, 13-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, Andijon tumanidagi 19-maktab, Oltinko‘l tumanidagi 18-maktab bilan hamkorlik o‘rnatganmiz. Pedagogik ta’limni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash, uning uzoq va o‘rta muddatli strategik dasturini tasdiqlash hamda amalga oshirishni nazorat qilib borishga e’tibor qaratilmoqda. Institutimiz o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarining maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional hamda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ta’limi muassasalari dasturi bilan uyg‘unligini ta’minlash hamkorligimizni kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur qarorga asosan, oliy ta’lim muassasamiz huzurida Andijon tumani pedagogika kolleji va akademik lisey tashkil etiladi. Kollej va akademik lisey tashkil etilishi yuqori malakali pedagoglarni tayyorlash bilan birga, institutimizda faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy xodimlar salohiyatini oshirishda muhim o‘rin tutadi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda pedagoglarning nufuzini oshirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Ayniqsa, ilmiy salohiyatga ega mutaxassislarimiz keng imkoniyatlarga ega bo‘ldi. Bu esa oliy ta’lim tizimida o‘qitish sifatini yuqori darajaga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
“Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda turdosh oliy ta’lim muassasalari qatori 2023–2026 yillarda Andijon davlat pedagogika institutini rivojlantirishning belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish uchun jamoamiz g‘ayrat qilib ishlaydi. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, yurtimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.