Oʻzbekiston Respublikasida yetuk va bilimli kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari orasida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ham oʻz oʻrni bor.

Universitetda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, yetuk pedagog kadrlar tayyorlash, innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlari borasida koʻplab amaliy ishlar olib borilmoqda. Ular quyidagi fakt va raqamlarda aks etadi

Universitetda jami 983 nafar pedagog faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularning 39 nafari fan doktori va professorlar, 323 nafari esa fan nomzodi va falsafa doktorlaridir. Universitetning ilmiy salohiyati 36,5 foizni tashkil etmoqda.

2022-yili universitet professor-oʻqituvchilarining 61 nafari — 2 nafari fan doktori (DSc) va 59 nafari falsafa doktori boʻldi. Joriy yilning birinchi olti oyida esa 4 ta fan doktorligi (DSc) va 32 ta falsafa doktorligi dissertatsiyalari himoya qilindi.

Oʻtgan yili professor-oʻqituvchilar tomonidan 67 ta monografiya, 10 ta ixtiro patenti, 47 ta elektron dasturga mualliflik guvohnomalari olindi va Scopus xalqaro maʼlumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda, xorijiy hamda respublika ilmiy nashrlarida maqolalar, mahalliy hamda xalqaro konferensiya materiallari toʻplamlari chop etildi.

Ayni paytda universitetda 5 nafar doktorant, 133 nafar tayanch doktoranti, 6 nafar stajyor-tadqiqotchi hamda 2 nafar mustaqil tadqiqotchi tahsil olmoqda. Oʻtgan yili jami 7 nafar tayanch doktorant tomonidan muddatidan ilgari doktorlik (PhD) dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingani ham ilmiy faoliyatimiz muntazamligini aks ettiradi.

Shu bilan birga, universitet huzurida texnika, biologiya, tarix, iqtisodiyot, filologiya, yuridik fanlar boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi jami 6 ta ilmiy kengash faoliyat koʻrsatayotgani ham taʼlim muassasmiz salohiyati va imkoniyatlarining oʻziga xos ifadasidir. Ularda 2022-yilda 51 ta — 47 ta falsafa doktorligi (PhD) va 4 ta fan doktorligi (DSc) dissertatsiyalari himoyasi muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ayni paytda yana ilmiy darajalar beruvchi 2 ta ixtisoslashgan ilmiy kengash tuzilishi natijasida universitet huzuridagi kengashlar soni 8 taga ortdi.

Endi bevosita amaliy loyihalarimiz va ularning ahamiyati hamda qiymati haqida. Jumladan, 2021-yilda professor-oʻqituvchilar tomonidan umumiy qiymati 1 milliard 530 million 277 ming soʻm boʻlgan 8 ta amaliy loyiha boʻyicha tadqiqotlar olib borilgan. Oʻtgan yili esa davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida qiymati 3 milliard 160 million 588 ming soʻm boʻlgan 7 ta amaliy loyiha boʻyicha tadqiqot ishlari amalga oshirildi.

Prezidentimizning 2021-yil 29-iyuldagi “Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2021-yil 18-maydagi “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Qoraqalpoq davlat universiteti tomonidan umumiy qiymati 1,5 milliard soʻm boʻlgan 4 ta amaliy loyiha bajarilib, jami 600 million soʻm boʻlgan 1 ta startap loyiha boʻyicha innovatsion tadqiqot ishlari olib borildi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 6-iyuldagi “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga 7-ilova sifatida tasdiqlangan “2022–2023-yillarda oliy taʼlim muassasalari tomonidan yangi ishlanma va texnologiyalarni joriy etish loyihalarini amalga oshirish dasturi”da universitet tomonidan qiymati 950 million soʻm boʻlgan 4 ta yangi ishlanma va texnologiyani yaratish hamda joriy etish loyihalari boʻyicha ilmiy-amaliy tadqiqotlar amalga oshirildi.

Ayni paytda 2 nafar professor-oʻqituvchimiz respublika miqyosida “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni va 1 nafar yosh olim “Eng yaxshi loyiha ijrochisi” nominatsiyasi boʻyicha sertifikat sohibi boʻldi. Universitet huzurida 2021-yilning sentyabr oyidan umumiy qiymati 2,5 milliard soʻmga teng boʻlgan “Bioekologiya” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi oʻz faoliyatini boshladi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot, taʼlim, amaliyot va ishlab chiqarishga tatbiq etish jarayonlarini oʻz ichiga olgan hamda tarkibida “Kimyoviy texnologiya” ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasi, “Kimyo” boʻyicha ilmiy-eksperimental laboratoriya, “Qurilish materiallari” va “Toʻqimachilik mahsulotlari va uskunalari” ilmiy-texnologiya laboratoriyasi mavjud boʻlgan “Kimyoviy texnologiya” ilmiy-texnologik laboratoriya klasteri uchun zarur asbob-uskunalar va jihozlar olib kelindi.

Shuningdek, universitetimiz huzurida “Ilmiy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish markazi” oʻz faoliyatini boshladi va bugungi kunda ushbu markazga 12 nafar fuqaro ishga qabul qilindi.

2022-yilning noyabr oyida avvalgi Innovatsion rivojlanish vazirligi faoliyatining oxirgi besh yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan hisobot reytingida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetining ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish va iqtidorli talabalarning ilmiy tadqiqot ishlarini tashkil etish borasidagi faoliyati samaradorligi yuqori baholanib, vazirlik tomonidan 190 ga yaqin oliy taʼlim muassasalarining eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan TOP-5 likdan oʻrin egallashini juda yuqori natija, deb bilamiz.

Joriy 2022/2023 oʻquv yilida 39 nafar, jumladan, 3 nafar talaba Prezident stipendiyasi, 8 nafar talaba Navoiy, 4 nafari Beruniy, 2 nafari Ulugʻbek, 1 nafari Islom Karimov, 1 nafari Toʻlepbergen Qayipbergenov, 1 nafari Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyalari, 1 nafar talaba matematika fani boʻyicha akademik T.A.Sarimsoqov nomidagi, 17 nafar talaba Berdaq nomidagi stipendiya, 1 nafar talaba UzGTL kompaniyasi maxsus stipendiyalariga munosib topildi.

Ushbu yutuq va muvaffaqiyatlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti pedagogik jamoasining ilmiy salohiyati va ilmiy-tadqiqot ishlarining koʻlami, eng muhimi, muntazamligining ifodasi deb taʼkidlashga izn beradi.

Ahmed REYMOV,

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, professor