Bu haqda Katta Memfis savdo palatasi rahbari Ted Taunsend WREG yangiliklar telekanalida aytib o'tdi.
“X.AI ning dunyodagi eng yirik superkompyuteri hisoblangan Gigafactory of Computesi Memfisda joylashishini mamnuniyat bilan e'lon qilaman”, dedi u. “Odamlarni Marsga jo'natish uchun zarur bo'lgan hisoblash quvvatini tasavvur qiling. Ular Memfisda yuzaga keladi”, deya qo'shimcha qildi u.
Savdo palatasi raisining aytishicha, loyiha Memfis shahri va Shelbi okrugi iqtisodiy rivojlanish idoralari, Tennessi daryosi vodiysi ma'muriyati va boshqa bir qator idoralardan ruxsatnomalarni olishni talab qiladi. Ma'lumki, superkompyuter sun'iy intellekt asosidagi tizimlarni tezlashtirishga mo'ljallangan Nvidia H100 grafik protsessorlari bilan ishlaydi. U avval Shvetsiyaning maishiy texnika ishlab chiqaruvchi Electrolux Group kompaniyasiga tegishli bo'lgan zavodda joylashishi kutilmoqda.
Taunsendning aytishicha, X.AI bilan superkompyuter yaratish bo'yicha muzokaralar shu yilning mart oyida boshlangan. Avvalroq Mask o'zining startapi 2025-yil kuzigacha superkompyuter ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan edi, deb xabar beradi tass.ru.