Davlatchiligimiz asriy ildizlarining yaqqol ifodasi bo'lgan bu qadimiy madaniyat oshiyoni o'zining boy konlari (oltin, kumush, mis, feruza va h.k.) bilan butun Sharqda mashhur bo'lgan. Bu hududda milliy hunarmandchilik, bog'dorchilik keng rivojlanib, Buyuk Ipak Yo'li madaniyatida alohida o'rin tutgan.
Bu bebaho tarixni xalqimizga, bugunning yoshlariga yetkazish maqsadida an'anaviy “Iloq” etnografik festivali o'tkaziladi.
Viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, viloyat madaniyat boshqarmasi, Ohangaron tumani hokimligi, O'zbek milliy qo'g'irchoq teatri, “ZOOM-Proyekt” jurnali hamkorligida, Xalqaro “Oltin meros” hayriya jamoat Fondining g'oyasi bilan beshinchi marta o'tkazilishi kutilayotgan “Iloq” etnografik festivaliga barchangizni taklif etamiz.
Mazkur festival qadimgi Iloq davlatining tarixiy urf-odatlari, odamlarning yashash tarzi, madaniyatidan darak berib, unda folklor ansambllar, dorbozlarning chiqishlari, teatr ustalarining badiiy mahoratlari namoyish etiladi. Konsert dasturlari, qolaversa, gastro, etno, sport turizm imkoniyatlaridan festival mehmonlari bahramand bo'ladilar.
Mazkur festival 2022 yil 3 iyun kuni soat 10:00 da Ohangaron tumani O'rg'ozsoy qishlog'ida o'tkaziladi, deya xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati.