“Iltimos, bizga nuqta qoʻymang. Bizni bu kasallik bilan yolgʻiz qoldirmang”

    BMT Bosh Assambleyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva raisligida boʻlib oʻtgan forumda “Mehrli maktab”ning yosh bitiruvchisi va koʻngillisi Samira Idrisova oʻz hayoti haqida samimiy hikoya qilib berdi.

    BMT Bosh Assambleyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva raisligida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va “St. Jude” bolalar tadqiqot shifoxonasi bilan birgalikda "Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish boʻyicha global harakat" mavzusida forum boʻlib oʻtdi.

    Oʻzbekiston tarixida ilk bor bunday yuksak darajada, jahon sogʻliqni saqlash sohasi uchun oʻta dolzarb masalaga bagʻishlab tashkil etilgan tadbir koʻplab mamlakatlar, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar eʼtiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbarining rafiqasi jahon hamjamiyatini saratonga chalingan bolalarning yashovchanligini yaxshilash borasida chora koʻrishga chaqirdi.

    Eʼtiborlisi, tadbirda dunyoning qariyb barcha mintaqalaridagi mamlakatlardan kelgan birinchi xonimlar – Turkiya, Ozarbayjon, Angola, Vyetnam, Gvatemala, Serbiya Prezidentlari rafiqalari va boshqalar ishtirok etdi.

    «Hozirgi vaqtda dunyo boʻylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli boʻlmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda. Bu — sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi demakdir. — dedi “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi ishtirokchilarga murojaat qilib. — Millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlariga qaramay, yashovchanlik darajasi turli mintaqalarda keskin farq qiladi: rivojlangan mamlakatlarda bu koʻrsatkich 80 foizdan yuqori boʻlsa, rivojlanayotganlarda 30 foizdan ham past. Bunday tafovut mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat. Bunday fojialarning oldini olish uchun chora koʻrishimiz zarur. 2021-yili Oʻzbekistonda bolalar uchun alohida Markaz tashkil etildi. Markaz qisqa vaqtda sezilarli natijalarga erishdi. Bemor bolaning birinchi yilida yashab qolish koʻrsatkichi 2022-yildagi 37 foizdan 2025-yilga kelib 44,5 foizga yetdi. Ayniqsa, gemoblastozga chalingan bemor bolajonlarda bu koʻrsatkich 17 foizdan 42–43 foizgacha oʻsishi katta ildam qadam boʻldi. Milliy maqsadimiz esa: 2030-yilga qadar besh yillik koʻrsatkichni 60 foizga yetkazish.
    Bolalar kasalxonalarda oylab qolib ketishadi. Ular maktabdan uzilmasligi uchun “Mehrli maktab” orqali 3-yilda 17 mingdan ziyod bola uzluksiz taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻldi. Shuningdek, ilk bolalar xospisi — “Taskin” va palliativ yordam tizimining yoʻlga qoʻyilishi qoʻllab-quvvatlashning yangi bosqichini boshladi».

    Forum tafsilotlarini yoritgan jurnalist Aziza Qurbonova oʻzining telegramdagi kanalida yozishicha, tadbirda ogʻir kasalliklarga chalingan bolalar ham ishtirok etgan. Ular orasida “Mehrli maktab”ning yosh bitiruvchisi va koʻngillisi Samira Idrisova oʻz hayoti haqida samimiy hikoya qilib berdi:

    «…Men kasalxonaga “oʻtkir limfoblast leykemiya” tashxisi bilan tushdim. Oʻshanda bu qachonlik darajada jiddiy ekanini anglamagan edim.
    Dastlabki kunlarim goʻyo tumanda oʻtdi. Keyin davolanish boshlandi: kimyo terapiyasi, koʻngil aynishi, holsizlik, soch yoʻqotish. Lekin men hech qachon taslim boʻlmadim, oʻz yoʻlimda davom etdim.
    Maktabda rasm chizishni boshladim. Aytishlaricha, men buni yaxshi uddalayman. Hatto oʻtgan yili men UNESCOʻning “The Planet of Art” tanlovida gʻolib boʻldim. Shu yerda men chin doʻst topdim, u menga bagʻishlab rasm chizdi. Alibek, salom! Yana boshqa bolalar ham bor edi, ular haqida koʻp eshitdim, ammo... Bugun men ularning ismlarini shu yerda tilga olmoqchiman.
    Taxmina va Maxliyo — xuddi men kabi “Mehrli maktab”ning yangilik dasturlarini olib borgan qizlar. Haqiqiy jurnalistlardek, maktabimiz kanallarida chiqish qilishardi. Men Maʼruf haqida ham koʻp eshitganman — u professional kikbokschi boʻlishni orzu qilgan. Humoyun esa maktabimizdan birinchi boʻlib xalqaro badiiy tanlovda gʻolib boʻlgandi. Yana biz bilan oʻqigan mehribon bola Alan bor edi, u Teslaʼning direktori boʻlishni orzu qilardi.
    Bugun men sizlar qarshingizda… yolgʻiz turibman. Ammo mening qalbimda ularning barchasi — orzulari amalga oshmay qolganlar ham, hozir kelajakni orzu qilayotganlar ham — yashab turibdi. Men bu yerda shu bolalar uchun turibman.
    Sizlarga murojaat qilaman: iltimos, bizga nuqta qoʻymang. Bizga kasalligimiz bilan yolgʻiz qolishga yoʻl qoʻymang. Saraton va boshqa ogʻir kasalliklarga chalingan bolalarga baxtli kelajak uchun imkoniyat bering. Shunday qilingki, Oʻzbekistonda ham barcha bolalarning ertasi iliq quyoshdan, yangi yopilgan non hididan boshlansin, kechasi esa oddiy suhbatlar bilan choy ustida uylariga fayz olib kirsin. Bolalarga — butun dunyo bolalariga hayot va orzularini hadya qiling.»