I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti rektori bilan muzokaralar oʻtkazildi

    Energetika 26 Oktabr 2021 959

    Joriy yil 24-oktyabrda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev I.M.Gubkin nomidagi Rossiya Davlat neft va gaz universiteti rektori, professor V. G. Martinov bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Ushbu uchrashuv V. G. Martinovning Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga tashrifi doirasida amalga oshirildi.

    Ikki tomonlama hamkorlikning ahamiyati va samaradorligi taʼkidlanib, koʻp yillik olib borilgan hamkorlikdagi ishlar doirasida I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali Respublika neft-gaz tarmogʻi uchun zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlab bergani qayd etildi. Ushbu oliy oʻquv yurtini tamomlagan bitiruvchilar “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, kompaniya rivojiga faol hissa qoʻshib kelyapti.

    Uchrashuv chogʻida tomonlar hamkorlik koʻlamlarini kengaytirish imkoniyatlari, xususan, faoliyatning barcha sohalarida innovatsiyalarni samarali amalga oshirish muhimligiga eʼtibor qaratishdi. Tomonlar neft-gaz ishida taʼlim dasturlarining yangi yoʻnalishlarini ochish va texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

    Rossiya neft va gaz oliy taʼlim muassasasi rektori bilan uchrashuv chogʻida “ustoz-shogird” tamoyilini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik ham oʻz aksini topdi. Bu borada abituriyentlarni oliy oʻquv yurtlariga tayyorlash maqsadida Qarshi shahridagi hududiy tayyorlov boʻlimlarining (HTB) muvaffaqiyatli namunasini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa hududlarida, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Buxoro viloyati hududlarida HTB ochish imkoniyati koʻrib chiqildi.

    Shuningdek, uchrashuvda “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi tomonidan uglevodorodlarni qayta ishlash, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish kabi yoʻnalishlarni ochish taklifi berildi. Bundan tashqari, talabalar mukammal bilim olishlari uchun Filialda magistratura bosqichini yoʻlga qoʻyish hamda soha bilan bogʻliq boʻlgan oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilarini Universitetda (Moskva shahrida) maqsadli magistratura bosqichida oʻqitish taklifi ilgari surildi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunda “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarida Filialning mavjud kafedralari bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar boʻyicha muntazam tarzda hamkorlikda faoliyat yuritilyapti.

    Filial talabalarining oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etish uchun “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida “tajriba sinov uchastkalari” tashkil qilingan. Bunday yaratib berilgan shart-sharoitlar uchun Filial rektori “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisiga minnatdorchilik bildirdi.

    Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart-may oylarida Filialning 270 nafardan ziyod talabalari oʻquv-amaliy mashgʻulotlarini “Oʻzbekneftgaz” AJning ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etilgan. I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahar filiali talabalarini ragʻbatlantirish, intellektual va maʼnaviy salohiyatini oshirish maqsadida, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisining stipendiyasi joriy etildi, de xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.