Yigit-qizlar ilm olishi, hunar egallashi, sport bilan shugʻullanishi, qoʻyingki, oʻzini har tomonlama rivojlantirishi uchun sharoit va imkoniyat yaratish strategik vazifadir.Yoshlar kunida oʻtkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada yangi tashabbuslar, qatʼiy vazifalar qoʻyilgani bejiz emas. Millionlab yoshlarimizni ruhlantirish, qoʻllab-quvvatlash, ilm-maʼrifatga, kasb-hunar va faol mehnatga ragʻbatlantirish davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari zimmasiga birdek jiddiy masʼuliyat yuklaydi.

Iqtisodiyotimizning yanada tez surʼatlar bilan oʻsib, imkoniyatlarimiz kengayishida yoshlarning hissasi, ahamiyati ortib borishi muhim. Buning uchun, avvalo, barcha hududlarda va sohalarda yoshlar bilan tizimli muloqot qilish, ularni tushunish, tinglash, taklif-tashabbuslariga yoʻl ochib berish kerak. Uchrashuvda mazkur yoʻnalishda ikkita masalaga eʼtibor qaratildi.

Birinchidan, viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga oʻz farzandidek qarab, sogʻligi, oʻqishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Yoshlarga taʼsir oʻtkazishi mumkin boʻlgan axborotlar, turli voqea-hodisalar koʻpaygan zamonda ular bilan yaqin muloqot qilishning ahamiyati katta. Buni oilamiz, farzand va nabiralarimiz misolida har birimiz yaxshi anglaymiz, albatta.

Yoshlar bilan doimiy muloqot platformasi yoʻlga qoʻyilishi, maktab, oliygoh, oʻquv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga koʻmaklashadigan tizim qilinishi natijalar yaxshilanishiga, hududlarda ijtimoiy muhit izchillashishiga, asosiysi, yigit-qizlarda qatʼiyat va faollik kuchayishiga zamin boʻladi.

Buning yana bir muhim jihati, jamiyatimizda qanday oilada, qanday ijtimoiy vaziyatda boʻlishiga qaramay, barcha yoshlarni tinglash, ularga teng imkoniyatlar yaratish, bir xil koʻz bilan qarash koʻnikmasi rivojlanadi. Xalq demokratik partiyasi uchun yoshlarning huquqlari va imkoniyatlari tengligi erishish prinsipial masala hisoblanadi.

Ikkinchidan, yoshlarning oʻzaro bir-birini tushunishi, doimiy muloqotda boʻlishi, yangi imkoniyatlar sari birgalikda intilishi dolzarb masala. 9 mingdan ziyod mahallada yoshlar yetakchilari tayinlangani bu borada zarur ijtimoiy institut vazifasini bajarmoqda.

Ammo, tan olish kerak, bu institutni yanada rivojlantirish, qamrovini kengaytirish, ayniqsa, hayotga, yoshlarning kundalik turmushiga yaqinligini oshirish zarurati ham bor. Ularning maktab, texnikum, til va kasb markazlari bilan ham ishlashi real yaqinlik va oʻzaro bogʻliqlikni oshiradi.

Dunyoning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy muhiti barcha sohada mezonlar oʻzgarayotgani, talablar va raqobat oshib borayotganini koʻrsatmoqda. Yoshlarimiz ana shu mezonlarga mos ilm olishi, hunar oʻrganishi, samarali mehnat qilib, natijalarga erishishiga koʻmaklashish davlatning, hammamizning burchimizdir.

Ulugʻbek Inoyatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

OʻzXDP fraksiyasi rahbari