Toshkent viloyatida ham Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan turli madaniy-maʼrifiy, koʻngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan olis togʻli hududlarda uy sharoitida taʼlim olayotgan bolajonlar holidan xabar olindi.
Ushbu kun angrenlik Muhayyo Mardonova, Miraziz Mahmudov, ohangaronlik Shaxina Abdumanappova va Xurshodbek Qoʻshdavlatov xotirasida unutilmas, quvonchli voqea sifatida yodda qoladigan boʻldi. Negaki, imkoniyati cheklangan mazkur oʻquvchilarni qoʻllab-quvvatlash, barcha tengdoshlari kabi sifatli taʼlim olishiga koʻmaklashish maqsadida “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat boʻlimi tomonidan ularga monoblok kompyuter jamlanmasi sovgʻa tariqasida berildi.