Yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar samarasi nimalarda ko‘zga tashlanayotir? Yoshlarning yaqin hamkoriga aylangan “El-yurt umidi” jamg‘armasi ijrochi direktori, yuridik fanlar doktori, professor Gulnoza ISMOILOVA bilan suhbatimizda shu kabi savollarga javob topishga harakat qildik.

— Bir yil — tarix uchun qisqa muddat, —dedi Gulnoza Ismoilova. — Ammo ayrim davrlar borki, ular yangi bosqichning boshlanishiga aylanadi. 2025 yil 5 mayda ­Prezidentimiz “El-yurt umidi” jamg‘armasini tubdan transformatsiya qilishga doir farmonni imzoladi. Bu institutsional o‘zgarish, inson kapitaliga tayangan yangi taraqqiyot modeliga o‘tish bo‘yicha muhim qadam bo‘ldi. 2025-2026 yillarda o‘tkazilgan ochiq stipendiya tanlovlarida 447 nafar yoshlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori bo‘ldi. Ularning

30 foizi — xotin-qizlar. 332 nafar yoshlar bakalavriatda, 100 nafari magistraturada, 15 nafari esa doktoranturada dunyoning yetakchi universitetlarida tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Eng muhimi — g‘oliblarning 80 foizi dunyo TOP-100 universitetlariga qabul qilindi.

Bir vaqtning o‘zida jamg‘arma xalqaro ta’lim diplomatiyasining faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Fulbright, Chevening, British Council, Türkiye Bursları va “Bolashaq” kabi yetakchi dasturlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Oksfordda o‘zbekshunoslik dasturi, Fransiyaning Airbus va ENAC kompaniyalari bilan qo‘shma loyihalar, davlat xizmatchilari uchun Garvard va BMT tizimidagi maqsadli stajirovkalar shular jumlasidan. Shuningdek, dunyoning 10 ga yaqin nufuzli universiteti bilan stipendiatlar uchun 50 foizgacha chegirma berish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida ta’lim iqtisodiy o‘sish drayveriga aylanmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi esa bugun — imkoniyatlar platformasi, kelajak tizimi va taraqqiyot sari intilayotgan jamoa.

— Mavjud ta’lim dasturlaridan tashqari, maqsadli stajirovkani tashkil etish borasida qanday ishlar bajarildi?

— Bugun jamg‘arma davlat organlari va tashkilotlarining so‘rovi asosida maqsadli stajirovka dasturlari portfelini faol shakllantirmoqda. Mamlakatning uzoq muddatli istiqboldagi raqobatbardoshligini belgilaydigan yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

So‘nggi bir yilda bunday dasturlarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilindi. Xususan, “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Turkiya Oliy ta’lim kengashi o‘rtasida memorandum imzolandi.

Gonkongning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni rivojlantirish alohida yo‘nalishga aylandi. Gonkong fan va texnologiyalar universiteti, Gonkong universiteti va Gonkong politexnika universiteti bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunida O‘zbekistonning davlat xizmatchilari, tadqiqotchilari va tahlilchilari uchun ixtisoslashtirilgan stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Davlatimiz rahbari qo‘ygan asosiy vazifalar qatoridan huquqni muhofaza qilish tizimi uchun kadrlar tayyorlash masalasi ham o‘rin olgan. Joriy yilda “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi. Shuningdek, qo‘shma “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ushbu hujjat ixtisoslashtirilgan o‘qitishdan tortib, dunyoning yetakchi universitetlari va tadqiqot markazlarida kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, robototexnika va dron texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha xorijiy stajirovkalarni qamrab olgan kaskadli kadrlar tayyorlash tizimini yaratishni nazarda tutadi.

Faoliyatimizda tibbiyot yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi. Joriy yil bahorida jamg‘armaning ochiq tanlovi natijalariga ko‘ra saralab olingan bir guruh mutaxassis Parij va Strasburgning yetakchi onkologiya markazlarida stajirovka o‘tab qaytdi. Dastur ishtirokchilari onkologik kasalliklarni tashxislash va davolashning ilg‘or usullari, universitet klinikalari faoliyatini tashkil etish hamda tibbiy menejmentdagi zamonaviy yondashuvlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Biz stajirovkalarni jahondagi ilg‘or amaliyotlarning sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi, fan, ta’lim va iqtisodiyot rivojiga xizmat qilishiga imkon beradigan xalqaro bilim va texnologiyalar transferi tizimini shakllantirmoqdamiz. Maqsadli stajirovkalarning asosiy vazifasi ham aynan shundan iborat: nafaqat muayyan mutaxassisni o‘qitish, balki bilim va inson kapitali uchun global raqobat sharoitida raqobatbardoshlikni oshirishga qodir bo‘lgan yangi kompetensiyalar, texnologiyalar va boshqaruv yechimlarining mamlakatimizga qaytarilishini ta’minlashdir.

— Xorijiy mamlakatlar yoshlarining milliy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini moliyalashtirishga ko‘maklashish vazifalari qay darajada uddalanmoqda? Natijalar bugun nimalarda ko‘rinyapti?

— “El-yurt umidi” jamg‘armasi haqida so‘z ketsa, ko‘pincha xorijda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan ko‘mak yodga olinadi. Biroq Prezidentimizning mazkur farmoni jamg‘armaning missiyasini sezilarli darajada kengaytirdi.

Jamg‘arma oldiga ilk bor qonunchilik darajasida xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishiga ko‘maklashish vazifasi qo‘yildi.

Bu — davlatimiz rahbarining g‘oyat muhim va strategik qarori. Bugun dunyoda ta’lim nafaqat kadrlar tayyorlash vositasi, balki “yumshoq kuch”, xalqaro hamkorlik va davlatlar o‘rtasida uzoq muddatli ishonchni shakllantirishning eng samarali qurollaridan biriga aylanib bormoqda.

Hozir O‘zbekistondagi OTMlarda 40 mingga yaqin chet ellik talaba tahsil olmoqda. Xorijiy fuqarolar uchun har yili 500 tagacha grant ajratishni ko‘zda tutuvchi “New Uzbekistan Scholarship” dasturi e’lon qilindi. Oliy ta’limning xalqarolashuvi faol rivojlanmoqda, akademik ­harakatchanlik ko‘lami kengaymoqda. Yetakchi xorijiy universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab chiqilmoqda.

Shu bilan birga, birinchi bosqichda Markaziy Osiyo mamlakatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu O‘zbekistonning yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch, ochiqlik va birgalikda rivojlanish tamoyillariga asoslangan yangi mintaqaviy siyosatiga to‘la mos keladi. Mohiyatan, mamlakatimiz nafaqat alohida talabalarning ta’limiga sarmoya kiritmoqda, balki mintaqa barqarorligini ta’minlash, insoniy aloqalarni mustahkamlash va yagona bilimlar makonini shakllantirishga ham hissa qo‘shmoqda.

Bu iqlim o‘zgarishi, suv xavfsizligi, energetika, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlar sharoitida alohida ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyoning birorta mamlakati bu masalalarni yolg‘iz o‘zi samarali hal eta olmaydi. Buning uchun umumiy bilim, hamkorlikdagi tadqiqotlar va talabalik davridayoq shakllangan kasbiy hamjamiyatlar zarur. Aynan shuning uchun O‘zbekistonda xorijiy talabalarni o‘qitish keng qamrovli ta’lim diplomatiyasi strategiyasining bir qismiga aylanmoqda.

Ta’lim — har doim kelajakka kiritilgan sarmoya. Bunday qarorlar samarasi kamdan-kam hollarda darhol seziladi. Ammo 10-20 yildan so‘ng aynan bugungi talabalar mintaqadagi xalqaro munosabatlar, iqtisodiy hamkorlik va ilmiy aloqalarning mohiyatini belgilab beradi.

“El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti belgilab bergan vazifalar ijrosi doirasida o‘zbek tili, tarixi va madaniy merosini xalqaro ilmiy doiralarda targ‘ib qilishdan iborat.

Shu nuqtayi nazardan, “El-yurt umidi” jamg‘armasining Oksford universitetidagi “Oksford o‘zbekshunoslik dasturi” tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. 2025 yil oktyabrdan boshlab Oksford universitetida zamonaviy o‘zbek tili va chig‘atoy tili kurslari yo‘lga qo‘yildi. Birinchi o‘quv yilining o‘zida dasturda Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Xitoy, Chexiya, Hindiston va boshqa mamlakatlardan 20 dan ortiq talaba va tadqiqotchi ishtirok etdi.

Ayniqsa, tinglovchilarning aksariyati sharqshunoslik, tarix, tilshunoslik, islomshunoslik, xalqaro munosabatlar va mintaqaviy tadqiqotlar yo‘nalishlari vakillari ekani e’tiborga molik. Ularning ko‘pi kelgusi ilmiy izlanishlarini Markaziy Osiyo va O‘zbekiston bilan bog‘lash niyatida.

Ilgari o‘zbek tilini bilmagan talabalar ikki akademik semestr davomida Umumevropa kompetensiyalari (CEFR) xalqaro shkalasi bo‘yicha A2 darajasiga erishib, o‘zbek tilidagi ilmiy adabiyotlar, arxiv materiallari va tarixiy manbalar bilan ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Chig‘atoy tilini o‘rganish dasturi natijalari ahamiyati ham bundan kam emas. Kurs ishtirokchilari hozirdanoq Oksford universitetining Bodlian kutubxonasi fondlarida saqlanayotgan XIV–XX asrlarga oid noyob qo‘lyozmalar bilan ishlamoqda. Movarounnahr va Markaziy Osiyo tarixiga oid tarixiy matnlar, diplomatik yozishmalar, adabiy asarlar hamda tarixiy solnomalarni o‘rganmoqda.

Ushbu tashabbus til o‘qitish doirasidan ancha keng. Zamonaviy dunyoda til madaniy diplomatiya, milliy merosni targ‘ib qilish va xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash vositasi. Oksfordda o‘zbek tilini o‘rganayotgan har bir talaba O‘zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy jarayonlarini chuqur anglaydigan salohiyatli tadqiqotchi, o‘qituvchi, ekspert, diplomat yoki jamoatchilik fikri yetakchisiga aylanadi.

— “El-yurt umidi” jamg‘armasining Ota-onalar kengashi faoliyati haqida ham fikrlaringizni bilmoqchi edik.

— Xalqaro darajadagi kadrlar tayyorlash haqida gap ketganda, ko‘pincha e’tibor stipendiatlarning o‘ziga, universitetlar yoki ta’lim dasturlariga qaratiladi. Biroq har bir yosh insonning muvaffaqiyati ortida doimo unga birinchi bo‘lib ishongan, yillar davomida qo‘llab-quvvatlagan va qiyinchiliklarni yengib o‘tishida yordam bergan odamlar turadi. Bular, shubhasiz, ota-onalardir.

Aynan shuning uchun ham so‘nggi yillardagi muhim yangiliklardan biri 2025 yil kuzida “El-yurt umidi” jamg‘armasi huzurida Ota-onalar kengashining tashkil etilishi bo‘ldi. Uning tarkibidan O‘zbekistonning turli hududidan kelgan stipendiatlarning ota-onalari, shuningdek, o‘zlaridan vakillar o‘rin oldi. Mohiyatan, kengash stipendiatlarimizning oilalari va ta’lim dasturlari ishtirokchilari o‘rtasidagi ochiq muloqot uchun o‘ziga xos maydonga aylandi.

Biz uchun bu qayta aloqa va jamoatchilik ishtirokini ta’minlaydigan muhim institutdir. Chet elda o‘qish shunchaki akademik jarayon emas. Ko‘plab yoshlar uchun bu oiladan yiroqda uzoq vaqt yashash borasida ilk tajriba, o‘zga madaniyat, notanish til, yangi ijtimoiy sharoitlar va yuqori o‘quv yuklamasidir.

Moslashuv davri ko‘pincha nufuzli xorijiy universitetga o‘qishga kirishdan ham murakkab sinovga aylanadi. Bunday sharoitda oilaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.

Bugun Ota-onalar kengashi jamg‘arma hayotida ishtirok etmoqda. Uning vakillari an’anaviy va masofaviy shakllarda o‘tkaziladigan forumlar, stipendiatlar bilan uchrashuvlar, onlayn muloqotlar va maslahatlashuvlarda faol.

Ayniqsa, turli mamlakatlarda tahsil olayotgan stipendiatlar bilan muntazam onlayn uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti katta ahamiyat kasb etdi. Bunday muloqotlar o‘quv jarayoni, moslashish, dastur bo‘yicha majburiyatlarga rioya etish masalalarini muhokama qilish, shuningdek, jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish yuzasidan takliflar olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, kengash muhim ijtimoiy vazifani ham bajaradi. Bugun stipendiatlarning ota-onalari mamlakatimiz bo‘ylab ta’lim imkoniyatlarining o‘ziga xos targ‘ibotchilariga aylanmoqda. Ular o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, boshqa oilalarga xalqaro ta’lim imkoniyatlari haqida so‘zlab beradi. Mavjud stereotiplarni bartaraf etishda yordam beradi va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash madaniyatini shakllantiradi.

— Sizningcha, O‘zbekistonning keyingi 10-20 yillik taraqqiyotida qaysi sohalar uchun yuqori malakali kadrlar eng katta ahamiyat kasb etadi?

— Bu juda qiziqarli va ayni paytda murakkab savol. Ochig‘ini aytsam, bugun dunyoda 20 yildan so‘ng qaysi kasblar ustunlik qilishini mutlaqo aniq bashorat qila oladiganlar deyarli yo‘q. Texnologik o‘zgarishlar sur’ati shu qadar yuqoriki, bugun talab ko‘p bo‘lgan mutaxassisliklar bir necha yildayoq jiddiy o‘zgarishi mumkin, kelajak kasblarining bir qismi esa hali umuman vujudga kelmagan.

Sun’iy intellekt, robotlashtirish, kvant texnologiyalari, biomuhandislik, yangi materiallar, raqamli platformalar va avtomatlashtirish hozir jahon iqtisodiyoti va mehnat bozori tuzilmasini insoniyat tarixida hech qachon kuzatilmagan tezlikda o‘zgartirmoqda. Shu sababli, asosiy vazifa doimiy o‘rganish, moslashish va noaniqlik sharoitida ishlashga qodir insonlarni shakllantirishdan iborat.

Shunga qaramay, aksariyat davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning rivojlanishini belgilab beradigan global tendensiyalar ham bor. Birinchi va ehtimol, eng yaqqol tendensiya raqamli transformatsiyadir. Bugun raqamli texnologiyalar alohida bir soha emas, balki hayotning deyarli barcha jabhasi negiziga aylanib bormoqda.

Sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar, kiberxavfsizlik, bulutli texnologiyalar, raqamli davlat va avtomatlashtirish mamlakatlarning raqobatbardoshligini belgilab beradi.

Prezidentimiz raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va sun’iy intellektni joriy etishga alohida e’tibor qaratayotgani bejiz emas. Shu bois, “Computer Science”, “Artificial Intelligence”, “Cybersecurity”, “Data Science” va raqamli boshqaruv sohalaridagi mutaxassislar yaqin o‘n yilliklarda eng talabgir kadrlar qatorida qolaveradi.

Ikkinchi eng muhim vazifa iqlim o‘zgarishi va suv xavfsizligi bilan bog‘liq. Markaziy Osiyo uchun suv masalalari bugun nafaqat ekologik, balki iqtisodiy, ijtimoiy va geosiyosiy muammoga aylanmoqda.

Aholi sonining o‘sishi, iqlim o‘zgarishi, muzliklarning qisqarishi va suv resurslariga bosimning ortib borishi gidrologiya, suv menejmenti, iqlim siyosati, barqaror rivojlanish va suv diplomatiyasi sohalarida yangi avlod mutaxassislarining yetishib chiqishini taqozo etmoqda.

Bir necha yil avval bu kabi yo‘nalishlarga tor ixtisoslik sifatida qaralardi. Bugun esa ular milliy xavfsizlik va davlatlarning barqaror rivojlanishi masalasiga aylanmoqda.

Uchinchi yo‘nalish energetik o‘tishdir. Dunyo kam uglerodli iqtisodiyotga yuz tutmoqda. Quyosh va shamol energetikasi, energiya saqlash tizimlari, vodorod texnologiyalari, energiya samaradorligi va ekologik menejmentning rivojlanishi yangi kompetensiyalarga ulkan talabni yuzaga keltiradi. “Yashil” energetika sohasida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirayotgan O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish ­strategik ahamiyat kasb etadi.

To‘rtinchi yo‘nalish sanoatlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish bilan bog‘liq. Mamlakatimiz transport yo‘laklari, logistika, sanoat, tog‘-kon sektori, urbanistika va zamonaviy infratuzilma qurilishiga faol sarmoya kiritmoqda.

Bu esa muhandislar, materialshunoslik, geologiya, konchilik ishi, transport tizimlari, arxitektura va yirik infratuzilma loyihalarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislarga talab yuqori ekanini anglatadi.

Tibbiyot va biotexnologiyalarni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Pandemiya tajribasi kuchli milliy sog‘liqni saqlash tizimi naqadar muhim ekanini ko‘rsatdi. Kelajakda genetika, biomuhandislik, personallashtirilgan tibbiyot, onkologiya, farmatsevtika va tibbiy texnologiyalar sohasidagi mutaxassislar alohida ahamiyat kasb etadi. Bugun butun dunyoda bunday kompetensiyalarga talab yuqori ekanini ko‘rib turibmiz.

Biroq eng qiziqarli yo‘nalish, ehtimol, kosmik sanoat. Yaqin-yaqingacha kosmosga parvoz faqat o‘ta qudratli davlatlar sohasi sifatida qabul qilinardi. Bugun esa kosmik texnologiyalar aloqa va navigatsiyadan tortib, iqlim monitoringi, qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslarni boshqarishgacha bo‘lgan kundalik iqtisodiyotning bir qismiga aylanmoqda.

O‘zbekistonning kosmik dasturi rivojlanishi, “O‘zbekkosmos” agentligi faoliyati, sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va Yerni masofadan zondlashning joriy etilishi allaqachon mutlaqo yangi yo‘nalishdagi mutaxassislarga talabni shakllantirmoqda.

Shu bilan birga, ishonchim komilki, 10-20 yildan so‘ng tor professional ko‘nikmalar eng talabgir bo‘ladi. Yetakchilik, tanqidiy fikrlash, xalqaro muhitda ishlay olish, xorijiy tillarni bilish, noaniqlik sharoitida qaror qabul qilish va doimiy o‘rganish qobiliyati birinchi o‘ringa chiqadi.

— Jamg‘arma bitiruvchilarining mamlakat taraqqiyotiga ta’sirini qanday mezonlar bilan baholaysiz? Bugun dunyoda iqtidor uchun raqobat kuchaymoqda. O‘zbekiston o‘zining eng salohiyatli yoshlarini saqlab qolish uchun nimalar qilishi kerak?

— Bu, shubhasiz, inson kapitalini rivojlantirishga e’tibor qaratayotgan har qanday mamlakat uchun eng muhim masalalardan. Ta’lim va kadrlar tayyorlash haqida so‘z borganda, natijalarni faqat miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan baholash fikri tug‘iladi: qancha talaba xorijda o‘qiyapti, qancha stipendiya ajratildi, nechta kelishuv imzolandi yoki qancha dastur amalga oshirildi? Biroq asosiy savol doim boshqacha qo‘yiladi: bu sarmoya mamlakat rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

Aynan shuning uchun ham bugun kadrlar tayyorlash samaradorligini baholashning yanada kompleks tizimiga bosqichma-bosqich o‘tmoqdamiz. Albatta, biz uchun an’anaviy ko‘rsatkichlar: o‘qishni tamomlash, mutaxassislarning mamlakatga qaytishi, ish bilan ta’minlanishi, mansab pillapoyasidan ko‘tarilishi va davlat islohotlarini amalga oshirishdagi ishtiroki muhim. Biroq bitiruvchilarning sohalar, tashkilotlar va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga qo‘shayotgan real hissasini ko‘rsatuvchi, ta’sir KPIlari deb ataladigan ko‘rsatkichlar tobora katta ahamiyat kasb etmoqda. Biz bitiruvchining nafaqat qayerda ishlayotganini, balki o‘z atrofida qanday o‘zgarishlar qilayotganini ham baholaymiz. Masalan, u yangi texnologiyalarni joriy qildimi, boshqaruvning yangicha yondashuvlarini ishlab chiqdimi, tadqiqot laboratoriyasini tashkil etdimi, mutaxassislarning yangi avlodini tayyorladimi, xalqaro investitsiyalarni jalb etdimi, innovatsion loyihani amalga oshirdimi yoki tashkilot ish samaradorligini oshirdimi?

Yakunda davlat diplomning o‘zigagina emas, balki kelajakdagi ijtimoiy va iqtisodiy samaraga sarmoya kiritadi.

Bunday natijalarni hozirdanoq ko‘rib turibmiz. Bugun jamg‘arma bitiruvchilari mamlakatning deyarli barcha strategik muhim tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda. Misol uchun, sog‘liqni saqlash sohasida yosh mutaxassislar diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etmoqda. Yosh shifokor Bobur To‘rayevning bolalardagi kardiologik kasalliklarni davolashda yangi yondashuvlarni tatbiq etayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimida va raqamli hukumat loyihalarida mamlakatning raqamli transformatsiyasi, elek­tron davlat xizmatlarini rivojlantirish, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda ishtirok etayotgan jamg‘arma bitiruvchilarining butun guruhi shakllandi.

Bitiruvchilarimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, ilmiy-tadqiqot institutlari, “O‘zbekkosmos” agentligi, konchilik sanoati, energetika, bank sektori va boshqa muhim yo‘nalishlarda mehnat qilmoqda.

So‘nggi yillarda jamg‘arma bitiruvchilarining bir necha avlodi shakllanib ulgurdi. Ular rahbarlik lavozimlarini egallay boshlamoqda, kasbiy hamjamiyatlar tuzmoqda, qarorlar ishlab chiqishda qatnashmoqda, tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqda.

Muhimi shundaki, kasbiy muhitga kirib borish hali o‘qish davridayoq boshlanadi. Masalan, 2025-yilda AQSh va Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan stipendiatlarning ilk guruhi “IT Park Uzbekistan”da amaliyot o‘tab, startaplar, venchur investitsiyalar va raqamli texnologiyalar sohasida amaliy tajriba orttirdi. 2026-yilda esa stipendiatlar uchun amaliyot dasturiga 20 dan ortiq vazirlik va idora qo‘shildi; ular dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini jalb etishdan manfaatdor. Bu dastur yoshlarga milliy voqelikdan uzilib qolmaslik va ta’lim bosqichidayoq O‘zbekistondagi bo‘lajak kasbiy faoliyatiga tayyorgarlik ko‘rishda yordam beradi.

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri

Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.