Xalqimiz oftob urganida qatiq ichishni juda foydali, deb biladi. Darhaqiqat u ichimliklar ichida eng foydalisi hisoblanadi. Qatiq organizmga ijobiy taʼsir qilish bilan birgalikda, turli xil kasalliklarni yengishga ham yordam beradi. Qatiqning qanday foydali xususiyatlari va xossalari bor?
Qatiqda koʻp miqdorda A, C, D, B vitaminlari, mineral tuzlar, oqsillar, yogʻlar va koʻp organlar faoliyatini normallashtiruvchi sut kislotasini hosil qiladigan zamburugʻlar borligi ahamiyatli. Qatiq oʻzining boy tarkibi tufayli, organizmda paydo boʻladigan turli kasalliklar va infeksiyalarga qarshi kurashuvchi immun hujayralarini ishlab chiqaradi.
U oson hazm boʻladi, negaki, tarkibidagi sut kislotasi oqsilning parchalanishiga yordam beradi. Shuningdek, qatiq allergiya chaqirmaydi. Zero, sut tarkibida koʻplab allergiya qoʻzgʻatuvchilar boʻlib, ular achitish jarayonida yoʻqoladi. Shu sababli, qatiq – yosh bolalar uchun ham asosiy ozuqa hisoblanadi. U issiq kunlarda nafaqat ochlikni, balki tashnalikni ham qondiradi.