Joriy yil 30-noyabr kuni ZOOM platformasi orqali Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Axmedov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov va viloyat, shahar-tuman bosh imomlari hamda ulamolar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda marhum manbashunos olim, tarix fanlari doktori, professor Ubaydulla Uvatov domla boshlagan ishlarni davom ettirish, Markazga quyilgan vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida Markaz direktori lavozimiga yuqori malakali va salohiyatli nomzodni tayinlash kun tartibidagi asosiy vazifa etib belgilandi.
Shu vaqtga qadar Imom Termiziy oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi direktori lavozimida faoliyat olib borayotgan Umarov Shukurillo Xursandmurodovich Markaz direktori lavozimiga tayinlandi.
Soʻzga chiqqanlar tomonidan yakuniga yetib borayotgan 2020-yilda Markaz tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, uning faoliyatidagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Shuningdek, kelgusida Markaz faoliyatni yana-da takomillashtirish, turli mafkuraviy xurujlar avj olayotgan bugungi kunda ajdodlarimizning maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish, ulardagi ezgu gʻoya va taʼlimotlarni keng xalq ommasiga yetkazish va shu asosda yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni shakllantirish, ularni azaliy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, maʼnaviy merosimizni oʻrganishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan, ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish borasida amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Matbuot xizmati