“Oʻzagroinspeksiya”ning Ishtixon tumani boʻlimi sohaviy inspektorlari tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-maydagi “Chorvachilik tarmogʻiga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ommaviy huquqiy tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Unda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari rahbarlari, hamkor tashkilotlar vakillariga hukumat qarori asosida berilgan imtiyozlar batafsil tushuntirilmoqda. Qarorga koʻra, xorijiy davlatlardan import qilingan har bir bosh naslli qoramollar uchun 2 million soʻmdan subsidiya ajratilishi belgilangan. Mazkur qarorda belgilangan imtiyozlardan foydalanish maqsadida tumanda chorvachilikda naslchilikni yaxshilashga qaratilgan oʻnlab loyihalar ishlab chiqildi.
— Naslchilikka ixtisoslashgan “Qahramon” va “Xomatov Elyor bogʻlari” fermer xoʻjaliklari ham ushbu qaror asosida imtiyozga ega boʻldi. Gap shundaki, ikkita fermer xoʻjaligi uchun Avstriyadan keltirilgan 50 bosh naslli “Semmental” zotli qoramollar uchun 100 million soʻm subsidiya ajratildi, — deydi agroinspeksiyaning Ishtixon tuman boʻlimi katta inspektori Alisher Rashidov.
Agroinspeksiyaning tuman boʻlimi tomonidan keltirilgan qoramollarning roʻyxatga olinishi, veterinariya nazoratidan oʻtkazib karantin qoidalariga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring oʻrnatildi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.