“Rosselxoznadzor” maʼlumotiga asoslanib “Verstov.info” internet portalining yozishicha, joriy yilning 8 oyi davomida Chelyabinsk viloyatiga 13 ming tonnadan ortiq hoʻl meva, 2 ming 800 tonna qovun-tarvuz va 9 ming 400 tonnaga yaqin sabzavot yetkazib berilgan.

Bundan tashqari, Janubiy Uralga qariyb 6 ming tonna kungaboqar va oshqovoq urugʻi, 900 tonnadan ziyod quritilgan sabzavot va ziravorlar, ming tonnadan ortiq yeryongʻoq, 130 tonnaga yaqin quritilgan meva keltirilgan.

Maʼlum qilinishicha, mevalar umumiy miqdorining 40 foizi, sabzavotlarning 30 foizi, ziravorlarning 50 foizi Oʻzbekistondan import qilingan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Rossiyaliklar qovun-tarvuz faqat Oʻzbekistondan keltirilganini alohida qayd etgan. Chelyabinsk viloyati gubernatori oʻrinbosari Sergey Sushkov Oʻzbekistondan import qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini “ekologik toza” deb baholagan.

Oʻzbekiston Chelyabinsk oblastiga oʻrik, shaftoli, olma, olxoʻri, gilos, uzum, xurmo va anor eksport qilgan. Shuningdek xabarda qalampir, pomidor, piyoz, sarimsoq, zanjabil, baqlajon va boshqa sabzavotlar ham aynan Oʻzbekistondan keltirilgani taʼkidlangan.