Keyingi yillarda yurtimizda “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash mexanizmi joriy etildi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotishdagi barcha jarayon isloh qilindi. Bu aholini barqaror oziq-ovqat bilan taʼminlashda ijobiy natijalarga olib kelgani bor haqiqat. Ayni paytda milliy mahsulotlarimiz raqobatbardoshligi oshib, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyati kengaydi.

Shu oʻrinda aniq raqamlar orqali oziq-ovqatga ehtiyojni qisqacha tahlil etsak. Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 1 million tonnadan ortiq don, 729 ming tonna sabzavot, 350 ming tonna kartoshka, 260 ming tonna poliz, 201 ming tonna meva, 116 ming tonna uzum, 379 ming tonna goʻsht, 1509 ming tonna sut, 594 millionta tuxumni bozorga chiqarish reja qilingan.

Mutaxassislarning aytishicha, viloyat aholisi uchun yiliga oʻrtacha 340 ming tonna kartoshkaga ehtiyoj bor. Bu yilgi koʻzlangan reja bajarilsa, ehtiyoj toʻla qoplanib, undan 10 ming tonna kartoshka ortib ham qoladi. Shuningdek, viloyat ahli ehtiyoji uchun yiliga 25 ming tonna piyoz, 73 ming tonna sabzi, 36 ming tonna guruch, 160 ming tonna goʻsht, 55 ming tonna parranda goʻshti, 773 millionta tuxum, 34 ming tonna oʻsimlik yogʻi talab etiladi.

Aholi soni oʻsishi barobarida oziq-ovqatga ehtiyoj ham ortib boradi. Bu esa soha vakillari oldiga ishlab chiqarish hajmini muntazam koʻpaytirib, islohotlarni izchil davom ettirish zaruratini qoʻyadi.

Islohotlar jarayoni kelgusidagi ehtimoliy holatlar hisobga olinayotgani bilan ahamiyatli. Masalan, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda 3 ta yoʻnalishda ishlash maqsad qilingan. Birinchisi, ichki imkoniyat­larni safarbar qilib, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish. Ikkinchisi, boshqa viloyatlardan olib kelish hamda viloyatda yetishtirilgan mahsulotlar hajmidan kelib chiqib, tumanlararo intervensiyani taʼminlash. Uchinchisi, xorijdan olib kelishga ehtiyoj kuchli boʻlgan mahsulotlar hajmini oshirish uchun importyorlarni qoʻllab-quvvatlash.

Masalan, kartoshka va goʻshtga doim talab yuqori. Ularni esa viloyatda yetishtirish uchun yetarli imkoniyat, salohiyat bor. Faqat ilm bilan samarali mehnat qilinsa, barcha muammolarga yechim topish mumkin.

— Shu yil 12 may kuni Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish hamda chorvachilik sohasini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda bir qator topshiriqlar oldik, — deydi Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov. — Shundan kelib chiqqan holda bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda. Albatta, oziq-ovqat taʼminotini oshirish har birimizning burchimiz. Harakat qilsak, yangidan yangi loyihalarni yoʻlga qoʻyib borsak, natija ijobiy tomonga oʻzgaradi. Shu paytgacha vohaning issiq havosida kartoshka boʻlmaydi degan tushuncha bor edi. Lekin oʻtgan yili Misr kompaniya­si bilan “Agro gold Premium” MCHJ hamkorlikda Kitob tumanidagi tajriba oʻzini oqladi. Oʻrganishlar davomida nafaqat ­Kitob, balki Nishon tumanining yaylov yerlari ham kartoshka yetishtirishga mos ekani maʼlum boʻldi. Shu sabab joriy yilda Nishonda 1200 gektar yaylov yer ajratildi. Bu yerlar oʻzlashtirilib, kartoshka va chorva ozuqasi yetishtiriladi. Bahorgi mavsumda 40 gektarda, iyul-avgust oylarida yana 350 gektarga kartoshka ekiladi. Hozir 6 ta yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi oʻrnatilmoqda. Oʻtgan yili viloyat­da 208 ming tonna kartoshka hosili olindi. Bu yilgi marra yanada katta.

Viloyat qishloq xoʻjaligi mutaxassislari maʼlumotiga koʻra, bahorgi mavsumda fermerlarning 7 ming gektar hamda dehqon xoʻjaliklari va aholi xonadonlarining 15 ming gektardan ortiq maydoniga kartoshka ekildi. Bundan tashqari, viloyat boʻyicha 49 ming gektar asosiy maydonlarga oziq-ovqat ekinlari ekilgan. Kutilayotgan hosil esa 1,6 million tonnani tashkil etadi. Xususan, 1805 gektar dala chetlarida sabzavot, poliz, ­dukkakli va moyli ekinlar urugʻi sepilgan. Shuningdek, joriy yilda gʻalladan boʻshagan 81 ming gektar maydonga oziq-ovqat va ozuqabop ekinlar ekilib, 1,4 million tonna mahsulot yetishtiriladi.

Bundan yetti-sakkiz yil ilgari viloyatda issiqxonalar sanoqli edi. Bugun koʻrsatkich keskin oshdi. Koʻplab xonadonlarda issiqxonalar qurilgan. Natijada bozorlar qishda toʻkin. Yilning toʻrt faslida ham istalgan meva va sabzavotni topish mumkin.

Hozir viloyatdagi 348 ta subyektning 420 gektar issiqxonasi bor. Ulardan yil boshidan buyon 10,4 ming tonna pomidor va 12,2 ming tonna bodring hosili olindi. Yana 2 ming tonna hosil kutilmoqda. Joriy yilda 4305 gektarda bogʻ yaratish reja qilingan. Dehqonlar 1,8 ming gektar yerga meva, 400 gektar uzum va 283 gektar noʻxat ekib, yuqori hosil olishi koʻzlanmoqda. Masalan, Dehqonobod tumanida 204 gektar, Yakkabogʻda 63 gektar, Shahrisabzda 16 gektar maydonga noʻxat va Qamashi tumani Chimqoʻrgʻon suv ombori atrofida 200 gektar mosh ekilgan. “Global Export Company” MCHJ Kitob tumanida 1,6 ming gektar maydonda organik meva yetishtirishni boshlagan.

— Dehqon xoʻjaliklariga yer ajratilishi odamlarda yerga egalik hissini, mehnatga ishonchni va ertangi kunga umidni kuchaytirdi, — deydi mirishkorlik dehqon Murod ota Qoryogʻdiyev. — Ishsiz yoki daromadi kam boʻlgan minglab fuqarolar shu berilgan yerdan baraka topib, oilasi toʻkinligi uchun mehnat qilyapti.

Hozir viloyatda 23 ming gektar yer 39,4 ming fuqaroga dehqon xoʻjaligi qilib berilgan. Shundan 21,7 ming gektariga joriy yil uchun asosiy ekinlar ekildi. 3,4 ming gektar yerda sabzavot, 5,1 ming gektarda poliz, 1,5 ming gektarda kartoshka, 1,6 ming gektarda dukkakli, 747 gektarda moyli hamda 9,3 ming gektarda boshqa mahsulotlar yetishtirilmoqda. Ajratilgan yer maydonlaridan 14,6 ming gektarida “Bir kontur — bir mahsulot” tamo­yili asosida serdaromad va eksportbop ekin ekish tashkil etilmoqda. Shu yil hisobidan 179 ta lotdan tashkil topgan ijara yer maydonlariga in-vitro usulida olingan 66 ming tup gilos, bodom va olxoʻri koʻchati ekildi. 195 ta mahallada “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyili asosida aholi tomorqalarida ekin ekish davom etmoqda.

Chorvachilik yuqori daromad keltiradigan, eksportbop va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda strategik ahamiyatga ega yoʻnalishdir. Sohadagi ahamiyatli masalalardan biri ozuqa bazasini kuchaytirish. Endi ozuqabop ekinlar ekishga keng yoʻl ochilmoqda. Bu chorva mahsuldorligini oshirishning asosiy omili.

Yangi tizim orqali viloyatda yirik sanoat­lashgan chorvachilik komplekslari tashkil etiladi. Bu zamonaviy texnologiya asosida ­harakatlanadigan yangi ishlab chiqarish quvvatlari degani. Jumladan, kelgusi 2 yilda viloyat­da qoramollar bosh sonini 1,9 milliontaga, qoʻy va echkilar bosh sonini 6,8 milliontaga, parrandalar bosh sonini 8,5 milliontaga yetkazish, chorvachilik (goʻsht va sut) mahsulotlarini sanoat usulida qayta ishlash darajasini 50 foizga olib chiqish hamda nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish orqali chorva mollari mahsuldorligini oshirish reja qilingan.

Buning uchun joriy yilda qiymati 856 milliard soʻmlik 259 ta loyiha ishga tushiriladi. Muhimi, 13 ming bosh yirik shoxli va 72 ming 300 bosh mayda shoxli mol olib kelinadi. Natijada 1184 ta ish oʻrni ochiladi.

Bugungacha qiymati 108 milliard soʻmlik 61 ta loyiha amalga oshirildi. Yaʼni
19 ming 800 bosh qoʻy va 1700 bosh qoramol olib kelindi.

Joriy yilning 30-mart–3-aprel kunlari viloyat delegatsiyasi Belarus Res­publikasida xizmat safarida boʻldi. Unda qator loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Xususan, viloyatdagi “Asl yuksalish savdo” korxonasi Vitebsk viloyati Shumilin tumanida “Qashqadaryo ChorvaUz” MCHJ ochdi. Tadbirkor dastlab shu tumandagi 2 ta chorva kompleksini ijaraga oldi. Birinchi bosqichda 1 ming bosh chorva boqish yoʻlga qoʻyilyapti. Buning uchun tadbirkor hozir 2 ming gektar yerni ijaraga olish taraddudida.

Chorvadorlarning taʼkidlashicha, Belarusda chorva ozuqasi yetishtirish tannarxi arzon. Chorva mollari nasldor, iqlimi qulay. Shu bois, vohalik tadbirkor 1 bosh qoramoldan 4 oyda 8-10 million soʻm sof foyda koʻrishni moʻljallagan. Bu koʻrsatkich vohada 2 baravar kam.

Viloyatdagi yana 4 tadbirkor Belarusda ish boshlash tashabbusini bildirgan.

Shu oʻrinda tadbirkorlarimizning xorijda faoliyat yuritishi qanday foyda keltiradi degan savol tugʻilishi tabiiy.

Avvalo, tabiiy iqlim sabab soha tez rivoj­lanadigan mamlakatda daromad yuqori boʻladi. Olingan foyda esa toʻgʻridan toʻgʻri mamlakatga sarmoya boʻlib kiradi. Qolaversa, mehnat muhojirlari, ­xorijdagi ­vatandoshlar ishonchli va daromadli ish oʻrni topish imkoniga ega boʻladi. Bundan har ikki tomon ham foyda koʻradi. Muhimi, tadbirkor rivojlangan davlatdagi malakali mutaxassislar bilan ishlashi ancha oson va qulay. Ayni jihat sohadagi eng zamonaviy texnologiya va ilmni oʻzlashtirib, mamlakatda keng joriy etishga yoʻl ochadi. Shu bois, qashqadaryolik tadbirkorlarning Belarusda ish boshlashini chorvachilikdagi yana bir yutuqli yurish deyish mumkin.

Ayni paytda sohani mamlakat ichida rivojlantirishga ham jiddiy eʼtibor berilmoqda. Masalan, bu borada yuqori koʻrsatkichga erishish uchun, avvalo, yaylov koʻp boʻlishi zarur. 2025-yil 30-yanvarda davlatimiz rahbarining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-­tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan edi. Unga koʻra, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi va Aerogeodeziya markazi bilan birgalikda viloyatdagi 1,2 million gektar yaylov kompleks xatlovdan oʻtkazildi.

Mazkur farmonda belgilanganidek, oldindan egalik huquqi mavjud boʻlgan 1739 ta
subyektga 837 ming gektar yaylov yerlari toʻgʻridan toʻgʻri ijaraga berilmoqda. Shuningdek, yaylovlarda degradatsiyaning oldini olish maqsadida mavjud 10 ta qorakoʻlchilik xoʻjaligi tomonidan joriy yilda Mirishkor, Nishon, Muborak, Gʻuzor, Koson va Dehqon­obod tumanlarida 3,5 ming gektar yaylovga choʻl oʻsimliklari — izen, olaboʻta, shuvoq urugʻlari ekildi. Bundan tashqari, Jahon bankining 2,7 mil­liard soʻm mablagʻi oʻzlashtirildi. Buning evaziga viloyatdagi 7 ta oʻrmon xoʻjaligi tomonidan 4,5 ming gektar yaylovda qayta tiklash ishlari olib borildi. Kelgusi 2 yilda viloyat boʻyicha deg­radatsiyaga uchragan 50 ming gektar yaylovni qayta tiklash rejalashtirilgan. Masalan, Qamashi tumanida namunaviy loyiha asosida 6 gektar maydonda Turkiyadan keltirilgan, iqlimga mos hosildor beda urugʻi ekildi. “Biodrift” kompaniyasi tomonidan yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilindi.

Chorva ozuqasi ekinlari urugʻchiligi boʻ­yicha Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining viloyat filiali bilan birga ishlanmoqda. Aholi xonadonlarida chorva ozuqasini yetishtirish boʻyicha seminarlar tashkil qilinmoqda.

Soha mutaxassislarining aytishicha, joriy yil viloyatga yer oʻzlashtirish uchun byudjetdan 50 milliard soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan 4 ta loyiha amalga oshiriladi. Qamashi tumanida 1,8, Yakkabogʻda 21,9, Mirishkorda 14,6 kilometr kanal, lotoklar tarmogʻi quriladi va rekonstruksiya qilinadi. Nishon tumanida esa 7 kilometrga quvur tortiladi. Hozir mazkur obyektlarning lo­yiha-smeta hujjatlari toʻliq ishlab chiqilib, ekspertizadan oʻtkazilmoqda. Bu ishlar natijasida 5248 gektar yer oʻzlashtiriladi, qayta foydalanishga kiritiladi. Shu bilan birga, tadbirkorlarga 10 yil muddatgacha imtiyozli kreditlar berish yoʻlga qoʻyilgan.

Paxtachilik, gʻallachilik va (yoki) chorvachilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar sugʻoriladigan yerlarining koʻpi bilan 20 sotixida chorva uchun bino yoki ombor qurishga ruxsat berilmoqda. Buning uchun xoʻjalik yeri 10 gektardan kam boʻlmasligi kerak. Bino kamida 2 gektardagi yaxlit maydondan iborat konturda qurilishi zarur. Shunda ruxsat etilgan foydalanish turini ichki xoʻjalik yer tuzish loyihasiga asosan chorva mollari va chorva uchun ozuqani saqlash va koʻpaytirish turiga oʻzgartirishga yoʻl qoʻyiladi. Qolaversa, viloyatdagi paxta va gʻallachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarining 2510 tasida chorva, parranda va asalari boqish uchun yengil konstruksiyali molxona va boshqa binolar qurish reja qilingan.

Yana muhim jihat. Fermer yer turini oʻzgartirishi yer nobudgarchiligi deya baholanib, kompensatsiya undiriladi. Bugungacha viloyatda 838 ta fermer yer tuzish loyihalari ishlab chiqib, 96 gektar nobudgarchilik oʻrnini qoplash uchun 39 milliard soʻm toʻlashi kerak edi. Prezidentimizning tegishli qarori bilan bu toʻlovlar 10 foiz miqdorida qoʻllanilmoqda. Bu esa fermerlarga katta ragʻbat boʻlib, 35 milliard soʻm mablagʻ tadbirkorlarning oʻzida qolyapti.

Qashqadaryoda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish tizimi rivojlanib bormoqda. Bajarilayotgan ishlar, yangi loyihalar buning yaqqol dalili. Jumladan, belgilangan dasturga koʻra, viloyatdagi 151 ta veterinariya uchastkasi tomonidan aholi xonadonlaridagi 104 ming bosh sigir identifikatsiya qilindi. 58,5 ming bosh sigir sunʼiy urugʻlantirildi. Yil yakunigacha bu koʻrsatkich 191 ming boshga yetkaziladi. Shuningdek, 607 ming bosh qoramol identifikatsiya qilinadi.

Umuman olganda, chorvachilik sohasi ilmiy yondashuv, raqamli texnologiya va zamonaviy boshqaruv asosida rivojlanadigan tizimga aylanadi.

Hozir Buyuk Britaniyaning “Yunayted Grin” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonda sut aralashmasi ishlab chiqarishga oid 300 ­million dollarlik loyiha boʻyicha ishlanmoqda. Bu loyi­ha doirasida Nishon, Mirishkor va ­Muborak tumanlarida 12 ming gektar maydonda iqlimga mos “aqlli” qishloq xoʻjaligi tizimi joriy qilinadi. Natijada yuqori sifatli beda, makkajoʻxori silosi, makkajoʻxori doni va almashlab ekiladigan arpa, soya hamda kungaboqar kabi ozuqa ekinlar yetishtiriladi va 10 ming bosh qoramol boqish yoʻlga qoʻyiladi. Bu yiliga 50 million dollargacha import oʻrnini bosadigan mahsulot va 4 mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi degani.

Akbar RAHMONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri